Xitoyga anor eksportiga yoʻl ochildi
Shu bilan birga, xitoylik yuqori martabali mehmon tashrifi davomida anor mevasini Xitoyga eksport qilish boʻyicha ham kelishuv imzolandi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Kesyanning joriy yil 1-2-noyabr kunlari respublikamizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ikki davlat oʻrtasida meva eksport-importini amalga oshirish bilan bogʻliq 2 ta muhim kelishuv hujjati imzolandi.
“Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati bergan maʼlumotga qaraganda, imzolangan birinchi kelishuv natijasida, mevalarni avtotransportlarda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali Xitoyga eksport qilish imkoniyati yaratildi va buni amalga oshirish boʻyicha talablar belgilandi.
Endilikda tadbirkorlar yangi uzilgan (Xitoyga eksport qilinishiga ruxsat etilgan) mevalarni Qozogʻiston orqali Xargos va Alashankou hamda Qirgʻiziston orqali Irkishtom va Turgart chegara oʻtkazish punktlaridan Xitoyga avtotransportlarda olib oʻtishlari mumkin boʻladi. Kelishuvda shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlar boʻyicha asosiy talablar sifatida quyidagilar sanab oʻtilgan:
- mevalar xavfli zararkunanda kasallik va begona oʻtlardan holi boʻlishi;
- mahsulotlar oʻsimliklar karantini inspektori nazorati ostida avtotransportga yuklanishi, muhrlanishi hamda tegishli maʼlumotlar fitosanitar sertifikatda aks ettirilishi lozimligi;
- mahsulotlar tranzit orqali olib oʻtilayotganda avtotransport birligining muhri buzilmaganligi, mahsulotlar qadogʻi oʻzgartirilmaganligi, unga zarar yetkazilmaganligi kabilar.
Shu bilan birga, xitoylik yuqori martabali mehmon tashrifi davomida anor mevasini Xitoyga eksport qilish boʻyicha ham kelishuv imzolandi.
Bunda maxsus belgilangan talablarga rioya etish soʻralgan, aks holda eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar chegara punktlaridan qaytarilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Maʼlumot oʻrnida: Hozirgi kunga qadar, Xitoyga 12 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksportiga ruxsat olishga erishilgan. Jumladan, gilos, qovun, achchiq qalampir, anor, mosh, qobiqsiz grek yongʻogʻi, shirin va achchiq bodom, uzum danaklari, kunjut, shuningdek quritilgan mahsulotlardan, mayiz va oʻrik qoqisini ushbu mamlakatga eksport qilish mumkin.
Hozirda qoʻshimcha ravishda 15 ta mahsulotlar eksportiga ruxsat olish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda. Uzum, limon, xurmo, olma, anjir, olxoʻri, shaftoli, tarvuz, piyoz, loviya, yeryongʻoq, shuningdek, quritilgan mahsulotlardan, achchiq qalampir, olxoʻri va qovun shular jumlasidandir.