Xitoyda global media turizm taqdimoti
Gannanda "Muqaddas Gannan – qalb sari sayohat" shiori ostida ikkinchi Global media-turizm taqdimoti boshlandi.
Iyul oyining eng go‘zal pallasida Gansu provinsiyasining Gannan-Tibet avtonom okrugi betakror qiyofa kasb etgan bir paytda, Syaxe tumanidagi Sangke yaylovida “Muqaddas Gannan – qalb sari sayohat” shiori ostida Gannanning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ikkinchi (2026) Global media-taqdimotining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar «to‘qqiz rangli Gannan»ning noyob tabiati va madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun baland tog‘ yaylovlarida jam bo‘ldilar.
Tadbirda Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Kanada, Ispaniya, Malayziya va Tailand kabi 23 mamlakatdan kelgan yetakchi xorijiy OAV jurnalistlari, mashhur internet-blogerlar, xorijlik fotosuratchilar hamda Xitoyning xorijdagi xitoy tilidagi OAV vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Gansu hududida faoliyat yuritayotgan Xitoy markaziy OAVlari, Gonkong ommaviy axborot vositalari, viloyat, shahar va tuman darajasidagi OAVlar, internet platformalari hamda yangi media vakillari ham tadbirga qo‘shildi. Ishtirokchilar Tibet platosi bo‘ylab sayohat qilib, Gannanning boy tabiiy va madaniy merosi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Gannan Sinxay – Tibet platosining shimoli-sharqiy qismida, uch viloyat va to‘qqiz ma’muriy hudud tutashgan strategik hududda joylashgan. Bu yerda asrlar davomida dehqonchilik va ko‘chmanchi sivilizatsiyalari uyg‘un rivojlangan, Buyuk Ipak yo‘li merosi zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashgan, turli millatlarning madaniyati esa boy tarixiy an’analar bilan chambarchas bog‘langan. Hudud Sinxay – Tibet platosi bilan Lyoss platosi o‘rtasidagi muhim ekologik to‘siq hisoblanadi hamda ochiqlik, samimiylik va an’anaviy qadriyatlarga hurmat ruhi bilan mashhur.
Ochilish marosimida okrug turizm sohasi vakili “Muqaddas Gannan – qalb sari sayohat” mavzusidagi taqdimotni o‘tkazib, Tibet platosining betakror tabiiy manzaralari, mahalliy aholining o‘ziga xos madaniyati, hududning ma’naviy muhiti, inqilobiy tarixiy merosi hamda Gannanning yilning barcha fasllaridagi go‘zalligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Gannan boy turistik resurslarga ega. Hududda A toifasidagi 41 ta sayyohlik maskani mavjud bo‘lib, ular orasida mashhur Jagana tabiiy hududi va Chjoni tumanidagi go‘zal Dayuygou vodiysi alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, Debu tumanidagi Latszыkou dovoni hamda Esze qishlog‘i kabi “qizil turizm2 ob’ektlari ham keng tanilgan. Xalqaro turizm tashkilotlari Gannanni bir necha bor “Faol dam olish uchun dunyoning eng yaxshi 50 maskani», “Hayot davomida albatta borish kerak bo‘lgan 50 joy” qatoriga kiritgan hamda uni Xitoyning eng o‘ziga xos turistik yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etgan.
Taqdimot davomida okrugning turli hududlari vakillari avtomobil sayohatlari asosida yaratilgan uchta yangi turistik brendni ham tanishtirdi.
Birinchi yo‘nalish – Chjoni tumanidagi “Szyande yo‘li” bo‘lib, u “Tabiat mo‘’jizalari va tiklanish sari yo‘l” nomi bilan taqdim etildi. Ikkinchisi – Chjoutsyuy tumanidagi “Gullar yo‘li”, u qishloq turizmini rivojlantirish va mahalliy aholi farovonligini oshirishga qaratilgan. Uchinchi yo‘nalish esa Xetszo shahridagi “Xeye yo‘li” ekologik marshruti bo‘lib, u go‘zal Meyjen yaylovlari orqali o‘tadi. Ushbu uchala yo‘nalish dashtlar, o‘rmonlar, tog‘ qishloqlari va tabiiy diqqatga sazovor joylarni o‘zida mujassam etib, sayyohlarga Gannanning noyob tabiati va madaniyatini yanada chuqurroq kashf etish imkonini beradi.
Hududning yana bir muhim jozibasi uning boy tibet etnomadaniy an’analaridir. Syanlan xalq bayrami, milliy sport o‘yinlari, yaylovlarda o‘tkaziladigan zamonaviy musiqa festivallari hamda turli sport musobaqalari baland tog‘ o‘lkasining betakror muhitini yaratadi.
Xetszo shahri partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari va shahar meri vazifasini bajaruvchi Shi Chenszyuan XXIV “Shambala” turizm va san’at festivali dasturini taqdim etdi. Mahalliy aholining yozgi tog‘ sayllari an’anasiga asoslangan ushbu festival bugungi kunda Gannanning turistik salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlari hamda tashqi dunyoga ochiqligini namoyon etuvchi muhim maydonga aylangan.
Gannanning betakror tog‘ manzaralari dunyoning turli mamlakatlaridan tobora ko‘proq sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Gannan-Tibet avtonom okrugi Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shan Yuszyun bugungi kunda Gannan yuqori sifatli rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hudud rahbariyati uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga tayanib, o‘n beshinchi besh yillik reja vazifalarini faol amalga oshiradi hamda Gannanni millatlar totuvligi, ekologik barqarorlik, iqtisodiy farovonlik, umumiy farovonlik va uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlik namunasi bo‘lgan hududga aylantirishni izchil davom ettiradi.
Shan Yuszyun xalqaro media-tur ishtirokchilari o‘z suratlari va materiallari orqali Gannanning betakror tabiati, boy madaniy merosi hamda zamonaviy taraqqiyoti haqida dunyo jamoatchiligiga kengroq hikoya qilib, Xitoy modernizatsiyasi jarayonidagi Gannan taraqqiyoti tarixini xalqaro auditoriyaga yanada yaqindan tanitishlariga umid bildirdi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat) O‘zA