Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etiladi
Mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida bir qancha vazifalar belgilangan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-oktabrdagi “O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Xorazm viloyatida Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali tashkil etiladi.
Ta’lim jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi hamda o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib boriladi. O‘qish kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida tashkil etiladi. 2030/2031 o‘quv yiliga qadar o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida o‘qitiladi.
2030/2031 o‘quv yilidan boshlab qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti asosida shakllantiriladi. Filial talabalarining amaliyotlari o‘quv rejalariga muvofiq hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida, jumladan, dual ta’lim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA