Xitoy bozoriga eksport yanada osonlashadi
O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi mas’ul xodimlari, Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi (GACC) hamda Karantin xizmati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ishchi uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, eksport jarayonlarini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mahalliy eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, eksport yuklarini rasmiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya va karantin hujjatlarini rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, eksportyorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tegishli reyestrlarga kiritish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekistondan Xitoy bozoriga eksport qilinayotgan mahsulotlar bilan bog‘liq amaliy muammolarni atroflicha ko‘rib chiqib, ularni tezkor hal etish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, eksport jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal qilish maqsadida ikki mamlakatning vakolatli idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomoni karantin talablari, fitosanitariya nazorati, oziq-ovqat xavfsizligi, eksport-import tartib-taomillari hamda notarif tartibga solish sohalarida muntazam axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdi. Qayd etilganidek, mazkur mexanizm amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, eksport jarayonlarida uchrayotgan masalalarni tezkor muvofiqlashtirish va tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt hamda xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Xitoy tomoni mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni Xitoy Bosh bojxona boshqarmasining tegishli departamentlariga yetkazish, navbatdagi muzokaralarni kengaytirilgan formatda tashkil etish va o‘zaro amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida eksportni rag‘batlantirish, bojxona va karantin sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida muntazam muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Bunday amaliy muloqotlar eksportyorlar duch kelayotgan muammolarni tezkor hal etish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berish jarayonini soddalashtirish hamda O‘zbekistonning Xitoy bozoridagi eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA