Xitoy bilan hamkorlik yanada rivojlanadi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va Xitoy tadbirkorlar assotsiatsiyasi prezidenti Xe Jen Vey o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat rahbari mamlakatimiz, jumladan, Buxoro viloyatidagi qulay sarmoyaviy muhit, xizmat ko‘rsatish, sanoat, turizm, ijtimoiy rivojlanish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida to‘xtaldi. Shuningdek, xitoylik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kutilayotgan yirik istiqbolli sarmoyaviy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida Xe Jen Vey Xitoy tadbirkorlar assotsiatsiyasi tarkibidagi kompaniyalar, ularning faoliyat sohasi haqida ma’lumot berdi. Buxoroliklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish va viloyat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Botir Zaripov xitoylik tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida hududlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga imkon beradigan hamda ularning iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydigan amaliy sa’y-harakat va tashriflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.