XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesida 30 dan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etadi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonining navbatdagi bosqichiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishning asosiy kun tartibini biyennale tadbirlarini belgilangan muddatlarda, yagona tashkiliy yondashuv asosida va xalqaro mezonlarga muvofiq tashkil etish masalalari tashkil etdi. Jumladan, biyennale ekspozitsiyalari joylashtiriladigan ko‘rgazma zallarining texnik va tashkiliy holatini ko‘rib chiqish, ularni ko‘rgazmalarni qabul qilishga tayyorlash, asarlarni joylashtirish va namoyish etish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilandi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur nufuzli xalqaro madaniy tadbirda 30 dan ortiq xorijiy davlat vakillari, mamlakatimizning taniqli san’atkorlari va ijodkorlari ishtirok etishi kutilmoqda. Biyennale doirasida zamonaviy tasviriy san’at ko‘rgazmalari, badiiy loyihalar hamda xalqaro anjuman tashkil etilib, unda bugungi san’at jarayonlari, ijodiy izlanishlar va turli madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot namoyon etiladi.
Shuningdek, tadbirda ekspozitsiyalarning yaxlitligi, estetik yechimi va tashrif buyuruvchilar uchun qulay muhit yaratilishi alohida nazoratga olinishi qayd etildi. Xorijiy davlatlardan tashrif buyuradigan ijodkorlar, mutaxassislar va mehmonlarni kutib olish, ularning tashrifi bilan bog‘liq tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish, tadbirlar dasturi doirasida harakatlanishi va zarur sharoitlar bilan ta’minlanishini puxta yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham tegishli vazifalar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, biyennale kunlarida ko‘rgazma zallarining faoliyatini muvofiqlashtirish, tashrif buyuruvchilar oqimini tartibga solish, xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish masalalarini ta’minlash, tadbirlarning tasdiqlangan dastur asosida uzluksiz va tartibli o‘tishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Biyennalening auditoriyasini kengaytirish, xususan, yoshlarni zamonaviy san’at jarayonlariga faol jalb etish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratildi. Yosh avlod vakillarining ko‘rgazmalar, badiiy loyihalar va xalqaro muloqotlarda ishtirok etishi ularning zamonaviy san’at haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ijodiy fikrlashini rivojlantirish hamda xalqaro san’at muhitidagi jarayonlar bilan yaqindan tanishishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida biyennalening har bir yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul ijrochilarning vazifalari aniqlashtirilib, tayyorgarlik ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va tadbirning tashkiliy jihatdan puxta o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA