Xayr-saxovat ishlari davom etmoqda
O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, deputatlar, elektorat vakillari va partiya faollari tomonidan “Mehr-saxovat ulashish” aksiyasi tashkil qilindi.
“Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning holatini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman”, degan edi davlatimiz rahbari aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida. Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham anomal sovuq havo hukm surmoqda. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay el xizmatiga doimiy kamarbasta bo‘layotgan soha vakillarining beminnat mehnati tahsinga sazovordir.


Aksiya doirasida favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda o‘z xizmat vazifalarini astoydil bajarayotgan obodonlashtirish boshqarmasi, yo‘l patrul xizmati xodimlariga, turli soha vakillariga, aholiga issiq qahva ulashildi. Xalq deputatlari Ellikqal’a tuman Kengashi deputati Seitmamat Alimov tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan oilalarga mehr ulashish maqsadida katta qozonlarda osh damlanib, xonadonlarga tarqatildi. Shunday sinovli kunlarda xalqimiz milliy qadriyat va an’analarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat va oliyjanoblik fazilatlarini ulug‘lagan holda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, ularga beminnat ko‘mak berishda birdamlik va og‘izbirchilik namunasini ko‘rsatmoqda.

Partiya faollari ushbu sa’y-harakatlari bilan har qanday sharoitda ham el tashvishini o‘z tashvishi deb biladigan insonlarga hamisha yordamga tayyor ekanliklarini amalda isbotlamoqda. Bu kabi xayr-saxovat ishlari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etyapti.
Dovud Abibullayev, O‘zA