Xavfsizlikka xizmat qiluvchi zamonaviy maskan
Jamoat xavfsizligini ta’minlashda infratuzilmani mustahkamlash, ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasini zamon talablari asosida yangilash aholi osoyishtaligi va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishning muhim omili hisoblanadi. Zomin tumanining Duoba mahallasida barpo etilayotgan yangi ichki ishlar organlari binosi ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov Zomin tumanining Duoba mahallasida barpo etilayotgan ichki ishlar organlari uchun mo‘ljallangan yangi ma’muriy bino qurilishi loyihasi bilan tanishdi.

Tashrif davomida mutasaddilar qurilish ishlarining bugungi holati, binoning joylashuvi, xizmat xonalarining funksional yechimi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish hamda hududni obodonlashtirish ishlari yuzasidan batafsil axborot berdi. Shuningdek, loyihada ko‘zda tutilgan zamonaviy sharoitlar, xizmat faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan yechimlar va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy talablar asosida barpo etilayotgan mazkur bino hududda jamoat tartibini ta’minlash, fuqarolarning xavfsizligini yanada mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan hududlarda huquq-tartibotni ishonchli ta’minlash, tezkorlik va samaradorlikni kuchaytirishda ushbu ob’ektning ahamiyati yuqori ekani qayd etildi.

Yangi binoning qurilib foydalanishga topshirilishi ichki ishlar organlari xodimlari uchun munosib va qulay mehnat sharoitlarini yaratish, xizmatni tashkil etish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.

.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri