Xavfsiz va ravon yo‘l dasturi ijroda
bugungi ayozli kunlarda yo‘l harakati xavfsizligini, ayniqsa, yo‘llarda piyodalar, bolalarning erkin harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha Andijon viloyatida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Viloyatda yo‘l-transport hodisalari yuzaga kelishining oldini olish, yo‘llarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, piyoda va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Diyorbek Abdurazzoqov. – Jumladan, yo‘lovchilarning yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilishi, ayniqsa, o‘quvchi yoshlar, bolalarning yo‘l qoidalari borasidagi bilimlarini boyitish, targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qaror asosida 2022-2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturining 4-yo‘nalishi – “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish” doirasida qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
[gallery-9986]
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida aholi vakillari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Diqqat, yo‘lovchi!”, “Diqqat, bolalar!” deb nomlangan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Andijon shahri, Andijon, Paxtaobod, Bo‘ston, Marhamat, Xo‘jaobod tumanlaridagi bog‘cha va maktablarda tashkil etilgan “Diqqat, yo‘lovchi!”, “Diqqat bolalar!” tadbirlariga minglab o‘quvchi yoshlar va bolalar jalb etilib, ularning yo‘l qoidalari haqidagi bilim va tushunchalari boyitildi. Bundan tashqari, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining barcha xodimlari viloyatdagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga biriktirilgan bo‘lib, grafik asosida haftaning belgilangan kunlarida bolalar, o‘quvchilar ishtirokida yo‘l qoidalariga amal qilishi yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Andijon tumanidagi “AND TEX AVTO” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan “Yosh avtomobilchilar” tadbiriga tumandagi barcha maktablar o‘quvchilari jalb etildi. Tadbirda yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Yashil chiroq”, “Yo‘l harakati qoidalari bilimdoni”, “Eng namunali yo‘lovchi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. Tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, Jalaquduq, Bo‘ston, Buloqboshi, Asaka, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon, Oltinko‘l, Izboskan tumanlaridagi targ‘ibot tadbirlarida bolalar, o‘quvchi yoshlar yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini puxta o‘rgandi. Bundan tashqari, hokimliklar, yo‘l qurilishi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda transport qatnovi o‘ta yuqori va doimiy tirbandliklar yuzaga kelayotgan chorrahalarda yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish, tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagi kabi ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishi, fuqarolar, ayniqsa, bolalarning ana shunday ko‘ngilsiz hodisalar ishtirokchisi va qurboniga aylanib qolishining oldini olishga qaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi doirasidagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA