Xavfsiz mahalla – tinch va farovon jamiyat poydevori
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvarda qabul qilingan muhim qarorlari ijrosini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan mazkur yig‘ilishda shahar va tumanlar rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Yig‘ilish davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tizimdagi muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mahallalar kesimida xavfsizlikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etishga xizmat qilmoqda. Qarorda huquqbuzarliklarning sabab va omillarini manzilli bartaraf etish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari, mahalla va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish, profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, qaror asosida 2026-yil davomida mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini oshirish, uyushgan jinoyatchilik, narkotik vositalar savdosi, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Bu esa mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan muhim dasturiy hujjat sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, keyingi yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugun har bir sodir etilgan jinoyat ortida turgan ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy omillar chuqur o‘rganilmoqda. Ammo davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar va sharoitlarga qaramasdan, ayrim hududlarda profilaktika ishlari talab darajasida tashkil etilmayotgani, qarorlar ijrosiga mas’uliyatsiz munosabat kuzatilayotgani natijasida kriminogen vaziyat murakkablashmoqda.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, oilaviy nizolarni bartaraf etish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifasi sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida tashkil etilgan zamonaviy “Aqlli tuman” vaziyatlar markazi bu borada ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, mazkur markaz faqat jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan cheklanib qolmaydi. U hokimliklar, kommunal xizmatlar, iqtisodiyot, qurilish, ekologiya, ijtimoiy soha va aholi murojaatlariga oid ma’lumotlarni yagona raqamli maydonda birlashtiruvchi zamonaviy boshqaruv platformasidir. Unda sun’iy intellekt texnologiyalari orqali ma’lumotlar tahlil qilinib, muammolar aniqlanadi va tezkor boshqaruv qarorlari shakllantiriladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday markazlar hududlardagi muammolarni erta aniqlash, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, aholi murojaatlarini tezkor hal etish va boshqaruv samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois har bir shahar va tumanda mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda kichik formatdagi Situatsion tahlil markazlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlar oldiga mahallalarda jinoyatdan xoli muhit yaratish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, qarorlar ijrosini qat’iy ta’minlash va raqamli boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Bugungi kunda xavfsiz mahalla – bu faqat huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas, balki davlat, jamoatchilik va har bir fuqaroning umumiy mas’uliyatidir. Buxoroda o‘tkazilgan mazkur yig‘ilish ana shu muhim haqiqatni yana bir bor namoyon qildi. Zero, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi osoyishtaligini ta’minlash va raqamli boshqaruvni joriy etish orqali Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, tinch va farovon hayotni ta’minlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri