Xavfsiz kelajak yoshlar tarbiyasidan boshlanadi
Bugun yoshlar ongi uchun kurash tobora kuchayib, axborot makonida turli tahdidlar avj olayotgan sharoitda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik eshituvida mazkur masalaning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.
Guliston shahridagi Axborot-resurs markazida O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda partiyaning Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan "Yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish" mavzusida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Muhokamalar davomida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib ta’lim olishi va kasb egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ayrim huquqbuzarlik holatlari profilaktika ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar bilan ishlashda manzilli yondashuvni kuchaytirish hamda jamoatchilik nazoratini yanada samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Qulmatov hamda O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirish jinoyatchilik profilaktikasining eng samarali omillaridan biri ekanini ta’kidladilar.

Eshituvda jinoyatchilikka qarshi kurashish uning oqibatlarini bartaraf etishdan emas, avvalo kelib chiqish sabablarini bartaraf etishdan boshlanishi lozimligi alohida qayd etildi. Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan tahlillar huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish, har bir mahalla va ta’lim muassasasida manzilli profilaktika ishlarini izchil tashkil etish muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.

Muhokamalarda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan zararli axborotlar, turli yot g‘oyalar va virtual tahdidlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Shu bois ularda axborot iste’moli madaniyatini, tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini hamda mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sifatida baholandi.


Shuningdek, yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlarga keng qamrab olish huquqbuzarliklar profilaktikasining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Zero, o‘z maqsadiga ega, bilimli va band yosh turli salbiy ta’sirlarga kamroq moyil bo‘ladi.
Muhokamalarda oila, maktab va mahalla hamkorligi yoshlar tarbiyasining mustahkam tayanchi sifatida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, farzand tarbiyasi uchun mas’uliyatni birgina ta’lim muassasasi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Bu — davlat va jamiyatning umumiy vazifasidir.

— Yoshlar jinoyatchiligining oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir,- deydi tadbirni olib borgan O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Norbobo Soatov. — Buning uchun oila, mahalla, ta’lim muassasalari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari bir maqsad yo‘lida hamjihatlikda faoliyat yuritishi zarur. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash hamda ularni turli yot g‘oyalar va axborot xurujlaridan himoya qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Har bir yoshning bilimli, vatanparvar va mas’uliyatli shaxs bo‘lib kamol topishiga xizmat qilish orqaligina mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti va xavfsiz kelajagining mustahkam poydevorini yarata olamiz.

Tadbir yakunida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni manzilli tashkil etish, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarning muammolarini erta aniqlab, ularga amaliy yechim topish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
G‘ulom PRIMOV, O‘zA muxbiri