Xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor axborot almashish tizimi joriy etiladi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun bilan mahsulotlarning umumiy xavfsizligiga doir talablar, ularni baholash tartibi va xavfsizlik talablariga muvofiqlik prezumpsiyasiga oid normalar mustahkamlanmoqda.
Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, distribyutorlar hamda elektron tijorat operatorlarining mahsulot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi majburiyatlari belgilanmoqda.
Bozor nazoratini amalga oshirish, xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor axborot almashish tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, texnik reglamentlarga qo‘yiladigan talablar, muvofiqlikni baholash va xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi ichki bozorga kiritilayotgan va muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlarning xavfsizligini kafolatlash, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish hamda ularning ishonchini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qo‘mita majlisidan so‘ng xalq deputatlari mahalliy kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini betonlashtirish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini isloh qilish, kanal va kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, irrigatsiya ob’ektlarini betonlashtirish orqali suv tejovchi mexanizmlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bu borada belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda mahalliy kengashlar deputatlarining nazorat funksiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida mahalliy kengashlar deputatlarining mazkur yo‘nalishdagi nazorat vakolatlarini samarali amalga oshirish, hududlardagi loyihalar ijrosini tizimli monitoring qilish, mutasaddi tashkilotlar hisobotlarini eshitish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida olib borilayotgan qurilish-montaj hamda rekonstruksiya ishlarining sifati va muddatlari ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
N.Abdurimova, O‘zA