Xatirchida yangi ma’naviyat maskani qad rostlamoqda
Xatirchi tumanida aholi uchun yana bir xayrli va ahamiyatli loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tuman markazida zamonaviy “Umummilliy birdamlik bog‘i” hamda ochiq osmon ostidagi kutubxona barpo etish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun zamonaviy va qulay jamoat maskanlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xatirchida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Yangi barpo etilayotgan ochiq osmon ostidagi kutubxona kitobsevarlar uchun haqiqiy ma’naviyat maskaniga aylanishi kutilmoqda. U yerda turli yoshdagi kitobxonlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, tabiiy va shinam muhitda mutolaa qilish imkoniyati bo‘ladi. Bu esa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Umummilliy birdamlik bog‘i” esa oilalar uchun sevimli hordiq chiqarish maskani bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari, yashil hududlar, maysazorlar va dam olish uchun qulay infratuzilmalar barpo etilmoqda. Tabiat va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida yaratilayotgan ushbu bog‘ aholining mazmunli dam olishi uchun xizmat qiladi.
E’tiborlisi, mazkur loyihalar 2025-yilgi “Open Budget” tashabbusi doirasida aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Natijada kutubxona loyihasi uchun 1 milliard 300 million so‘m, “Umummilliy birdamlik bog‘i” uchun esa 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ yutib olingan.
Xatirchida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari tumanning zamonaviy qiyofasini shakllantirish bilan birga, aholining ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri