Xarid cheki orqali – avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni yutib olish mumkin
2026-yilning 1-iyulidan boshlab, eksperiment tariqasida aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida berilgan xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Mazkur o‘yinlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra o‘tkazilib, qarorning mazmun mohiyati haqida Xorazm viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov O‘zA muxbiriga qo‘yidagilarni gapirib berdi:
Iste’mol madaniyatini yuksaltirish, savdo sohasida shaffoflikni ta’minlash va yashirin iqtisodiyotga barham berish bugungi davrning eng muhim talablaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan yurtimiz xaridorlari uchun mutlaqo yangi, keng ko‘lamli loyihaga start berildi.
Ushbu yutuqli o‘yin shu oyning birinchi sanasidan rasman kuchga kirdi. Endilikda “Soliq” mobil ilovasida joriy etilgan “Yutuqli o‘yinlar platformasi” har oy yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar inson omilisiz avtomatik tarzda g‘oliblarni aniqlaydi.
Yutuqli o‘yinlarning bosh sovrini esa har oyda o‘ynaladigan avtomobildir.
Haqiqatdan ham Qoraqalpog‘iston va Xorazmda amalga oshirilgan oddiy xarid cheki sizni yangi avtomobil egasiga aylantirishi mumkin.

O‘yin ishtirokchisiga aylanish tartibi juda oddiy va qulay. Buning uchun ushbu ikki hududdagi istalgan do‘kon, kafe yoki xizmat ko‘rsatish maskanidan xaridni amalga oshirib, onlayn nazorat-kassa texnikasi chekini, ya’ni QR-kodli chekni talab qilib olishingiz kifoya. So‘ngra ushbu chekni Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazasiz. Ilovada ro‘yxatdan o‘tgan har bir chek avtomatik ravishda o‘sha oy uchun o‘ynaladigan yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi va bu haqda sizga real vaqt rejimida xabar beriladi.
Ko‘pchilikni qiziqtiradigan eng asosiy jihat bu o‘yinning adolatli va shaffof o‘tishidir. Qarorga ko‘ra, g‘oliblar har oy yakunlangach, keyingi oyning 5-sanasiga qadar, hech qanday inson omilisiz, mutlaqo elektron tizim orqali tasodifiy tanlash, ya’ni random dasturi asosida aniqlanadi.
Har oyning 10-sanasida esa g‘oliblarni mukofotlash tantanalari hududiy telekanallar hamda Soliq qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joriy etilgan jonli efirlar orqali butun ommaga ko‘rsatib boriladi.
Jarayonlarning qonuniy va ochiq o‘tishini maxsus tuzilgan komissiya nazorat qiladi.
Yurtdoshlarimizga shuni ham ma’lum qilmoqchimanki, yutuqli o‘yin imkoniyatlari bilan birga oy yakunlari bo‘yicha xaridlar summasining 1 foizini qaytarishning amaldagi mexanizmi belgilangan tartibda saqlab qolinadi. Mazkur tashabbus fiskal intizomni rag‘batlantirish hisob-kitoblarning shaffofligini oshirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarida onlayn kassa texnikasidan foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Viloyat hududida 2026-yil 1-iyul holatiga 9 ming 309 ta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 11 ming 342 ta onlayn nazorat-kassa texnikasi o‘rnatgan holda faoliyat yuritmoqda. Ushbu tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy yil yanvar-iyun oylari davomida savdo va xizmat ko‘rsatish orqali 24,9 million dona chek urib berilgan. Natijada 6,9 trillion so‘mdan ortiq tushumlar kirim qilingan.
Shuningdek, iyun oyida 4,6 million dona chek orqali savdo va xizmat ko‘rsatishdan tushgan 1,2 trillion so‘mdan ortiq tushumlar kirim qilingan.
Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 2026-yil yanvar-iyun oylari davomida “Soliq mobil” ilovasi orqali 2 ming 816 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlar asosida 2 ming 201 ta sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tekshirishlar natijasida viloyat bo‘yicha 25,9 milliard so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, shundan 17,1 milliard so‘m undirilishi ta’minlangan.
Aziz yurtdoshlar, har bir xaridingizda chek talab qilishni unutmang. Bu bilan siz nafaqat soliq intizomini mustahkamlashga va o‘z hududingiz iqtisodiyoti yuksalishiga hissa qo‘shasiz, balki o‘zingiz uchun yangi avtomobil sohibi bo‘lish imkoniyatini yaratasiz.
Ahmadjon Shokirov suhbatlashdi.
Behzod Saidov (surat), O‘zA