Xalqimizning mangu qo‘shig‘i
1992 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilingan.
Bugun Buxoro viloyatida madhiyamiz qabul qilingan kun keng nishonlanayapti.
Sana munosabati bilan Buxoro shahridagi “Abu Hafs Kabir” ziyoratgohida mangu qo‘nib topgan inson, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi musiqasini bastalagan buyuk kompozitor Mutavvakil Burxonov poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Buxoro viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat va shahar bo‘limlari, oliy ta’lim muassasalari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi, davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va tadbirkorlikka ruh bag‘ishlashga xizmat qiladigan istiqlol ramzidir. Yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarida mazkur shukuhli tarona jaranglaganda qalblarimiz faxru iftixorga to‘ladi.
Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini mujassam etgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qo‘shig‘ini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Bunday lahzalarda xalq va Vatan ulug‘langan qo‘shiq insonlar qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni jo etishiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir.
Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi.
Istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.
Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband ko‘chasida joylashgan Mutavakkil Burxonovning uy- muzeyiga ham sayohat tashkil etildi. Uy-muzey Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bog‘liq fotosuratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jamlangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil etilgan uy-muzeyda bastakorning bolalik yillarini aks ettiruvchi fotosuratlar, ijod xonasida cholg‘u asboblari, esdalik sovg‘alar, kitoblar, hujjatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining notalari bilan yozilgan nusxasi, uning ijodini e’tirof etib taqdirlangan orden va medallari, davlat mukofotlari omma e’tiboriga havola qilinib kelinmoqda.
[gallery-14988]
Uy-muzeydagi Markaziy Osiyoda musiqa san’ati rivojlanishiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan “Shashmaqom”ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bog‘liq ilk tadqiqotlar, O‘zbekiston madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.
Sana munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari