Xalqaro yosh strateglar anjumani
Navoiy viloyatida strategik tafakkurni rivojlantirish va yoshlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan nufuzli xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. Ilmiy va amaliy muloqotlar maydoniga aylangan mazkur anjuman doirasida V Xalqaro “Vladimir Kvint yosh strateglari” ta’lim birlashmalari uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, taniqli strateg olim Vladimir Lvovich Kvint ishtirok etdi. Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov hamda soha mutasaddilari, ilmiy doira vakillari va yosh strateglar anjuman ishida faol qatnashdi.

Mazkur xalqaro uchrashuv yoshlarda strategik fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni global jarayonlarni chuqur tahlil qila oladigan malakali mutaxassislar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr yuritdi.
– Bugungi kunda suv resurslarini boshqarish masalasi jahon miqyosida ustuvor strategik yo‘nalishga aylanib bormoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov. – Sohada barqaror rivojlanishga erishish uchun nafaqat texnik bilimga ega, balki keng qamrovli strategik tafakkurga ega mutaxassislar talab etilmoqda. Shu bois global fikrlaydigan, vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib, aniq va samarali qaror qabul qila oladigan yosh kadrlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Anjuman doirasida ishtirokchilar uchun ilmiy muloqotlar, amaliy sessiyalar hamda madaniy-ma’rifiy dasturlar tashkil etildi. Xususan, qadimiy Buxoro shahriga rejalashtirilgan sayohat yosh strateglar uchun tarixiy meros va zamonaviy strategik yondashuv uyg‘unligini yaqqol his etish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur xalqaro tadbir yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda turli sohalar, jumladan, suv xo‘jaligi yo‘nalishida kelajak liderlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA