Xalqaro urug‘chilik ko‘rgazmasida O‘zbekiston salohiyati namoyish etilmoqda
Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida o‘tkazilayotgan “The 11th China Xinjiang Seed Exhibition and Trade Fair 2026” (XI Xitoy–Shinjon xalqaro urug‘lar ko‘rgazmasi va savdo yarmarkasi 2026) xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi o‘zining alohida stendi bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada Markaz direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi delegatsiya qatnashib, tashrif buyuruvchilarga mamlakatimiz urug‘chilik tizimi, istiqbolli navlar, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot bermoqda.
Ko‘rgazma davomida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi stendida O‘zbekistonda yaratilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, sohada amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va zamonaviy yondashuvlar namoyish etilmoqda.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida bir necha yillardan buyon izchil rivojlanib kelayotgan urug‘chilik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sifatli urug‘lik mahsulotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida erishiladigan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA