Xalqaro ta’lim standartlari asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi. Joriy yilning o‘zida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy etilmoqda.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin oldi. Oliygohlardagi 157 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, ta’lim sifatini yanada oshirish, milliy oliygohlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish va bitiruvchilarning global mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.

2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.
Taqdimotda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh o‘rtasida tashkil etilib, talabalarning ta’lim yo‘nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan.
Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda ta’lim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va ta’lim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida biznes boshqaruvi, arxitektura hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda shunday dasturlar joriy etilgan. Natijada 371 nafar talaba “1+3”, “2+2” va “3+1” modellari asosida tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur tizim orqali talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlarini 10 barobargacha qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Hozirgi kunda minglab o‘zbekistonlik talaba Buyuk Britaniyada to‘rt yillik ta’lim dasturlarida tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun o‘qish va yashash xarajatlari yiliga 50 ming dollargacha yetadi.
Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Oliy maktabda ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.
Shuningdek, oliy maktab va hamkor ta’lim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan ta’lim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi ta’lim modellari ko‘rib chiqildi.
Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil ta’lim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Texnikum bitiruvchilari esa ta’limni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.

Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, san’at va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027-yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita ta’lim dasturlari markazini tashkil etadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan ta’lim yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga ta’limni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash, shuningdek, royalti to‘lovlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad O‘zbekistonni xalqaro ta’lim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi ta’lim markaziga aylantirish ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq ta’minlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.