Xalqaro tajriba va ta’lim istiqbollari muhokama qilindi
Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Guliston davlat universitetida tibbiyot fakulteti talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda bo‘lajak shifokorlarning kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish va xorijiy ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov hamda AQSHning Ogayo shtatidagi Mercy Health — St. Rita’s Medical Center klinikasida faoliyat yurituvchi, «St. Louis» universiteti professori, taniqli ortoped-travmatolog Djoldas Quldjanov ishtirok etdi.

Muloqot davomida talabalarga Prezidentimizning tibbiyot va farmatsevtika sohasi vakillari bilan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalar, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar hamda sohani rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.


Viloyat rahbari bo‘lajak shifokorlar uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash, xorijiy tillarni puxta o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Zero, xorijiy tillarni bilish xalqaro tajribani o‘zlashtirish, nufuzli ta’lim dasturlarida qatnashish va kasbiy mahoratni oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, shifokorlik kasbi yuksak mas’uliyat, chuqur bilim va inson hayotiga daxldor har bir qarorga jiddiy yondashuvni talab qilishi qayd etildi.


Professor Djoldas Quldjanov esa tibbiyot sohasidagi ilg‘or xalqaro tajriba, bakalavriatdan keyingi ta’lim bosqichlari, dual ta’lim imkoniyatlari hamda xorijda malaka oshirish yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, talabalarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi, zamonaviy tibbiy yondashuvlarni o‘rganishi va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi uchun mavjud imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.


Ochiq muloqot talabalar uchun o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob olish, kelgusi kasbiy faoliyatlariga oid muhim masalalarni muhokama qilish va xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqida tasavvurlarini kengaytirish maydoniga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri