Xalqaro ta’lim loyihalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida «Oliy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim loyihalarining amalga oshirilishi: erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida «Oliy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim loyihalarining amalga oshirilishi: erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.Tadbirda mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Ko‘plab nufuzli xalqaro ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida Yevropa ta’lim dasturlari doirasida Yevropa oliy ta’lim maskanlari bilan har tomonlama aloqalar o‘rnatilgan. Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Fransiya, Chexiya, Slovakiya, Gretsiya, Ispaniya, Belgiya, Niderlandiya va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘quv kurslari, seminarlar tashkil qilinmoqda, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish kurslari, magistratura va doktoranturada ta’lim olishi amalga oshirilayotir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 10 Tempus loyihasi yakunlanish arafasida, shuningdek, 18 Erasmus+ loyihasi va 80 kredit mobilligi bo‘yicha universitetlararo hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning 40 ga yaqin universitet va instituti Yevropa oliy ta’lim muassasalari bilan turli loyihalarda ishtirok etmoqda. Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan fan va ta’limning deyarli barcha sohalari: texnik, muhandislik, ijtimoiy, iqtisodiy va tibbiyot fanlari doirasida ham aloqalar o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, qator oliy ta’lim muassasalarida elchixonalar ko‘magida tashkil qilingan chet tillarni o‘rganish markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Anjumanda sohadagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.