Xalqaro mehmonxona brendi loyihasi muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida Toshkent shahar Turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda poytaxtda Barceló Hotel Group tomonidan yangi mehmonxona tashkil etish loyihasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda yangi mehmonxona tashkil etish uchun davlat tomonidan juda katta imtiyozlar, subsidiyalar va kredit dasturlari joriy etilgan. Mamlakatda turizmni rivojlantirish maqsadida mehmonxona biznesini boshlash bosqichma-bosqich soddalashtirilmoqda.
Barceló Hotel Group Ispaniyaning yetakchi mehmonxona tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va dunyo bo‘ylab yuzlab mehmonxonalarni boshqaradi.

Muzokaralar davomida Barceló Hotel Group’ning Markaziy Osiyodagi ilk mehmonxonasini aynan Toshkentda tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyaning Toshkentga kirib kelishi shaharning xalqaro turizm salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy mehmonxona xizmatlarini rivojlantirish va yangi investitsiyalarni jalb etishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Uchrashuvda loyiha konsepsiyasi, investitsiyaviy imkoniyatlar va hamkorlikning keyingi bosqichlari yuzasidan fikr almashildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA