Xalqaro kuzatuvchilar kutib olinmoqda
Parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi Raisining oʻrinbosari, MDH Parlamentlararo Assambleyasi (PA)ning kuzatuvchilari uzoq muddatli missiyasi rahbari Ilyas Umaxanov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha fikr almashildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Rossiya va boshqa MDH davlatlari bilan oʻzaro hamkorligi sifat jihatidan yangi darajaga chiqdi. Oʻzbekiston MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasidagi hamkorligini tikladi. Bu esa koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Tomonlar keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgan boʻlajak parlament saylovining ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Xususan, I.Umaxanov parlament saylovi Oʻzbekistonning demokratik rivojlanish yoʻlida yangi bosqichga koʻtarilishini qayd etdi.
* * *
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirgʻiziston Respublikasi Saylovlar va referendumlarni oʻtkazish boʻyicha markaziy komissiyasi raisi Nurjan Shayldabekova bilan uchrashdi.
Ikki qoʻshni davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni mustahkamlash va yuqori bosqichga koʻtarish, parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, hamkorlik koʻlami barcha yoʻnalishlarda kengaydi.
Tomonlar bu galgi saylov kampaniyasi ochiqligi va shaffofligi kuchaygani, saylovchilar va nomzodlarning muloqoti kengayib borayotgani, jamoatchilikning saylovlarga nisbatan qiziqishi ortgani bilan farq qilishi haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Oʻzbekistonda qonunchilik organlari tomonidan saylov huquqi va jarayoniga kiritilgan katta oʻzgarishlar yuqori baholandi.
– Oʻzbekistonda siyosiy partiyalarning mutlaqo ochiq, demokratik va raqobatli oʻtgan debatlari haqida alohida aytib oʻtish kerak, – deydi Qirgʻiziston Respublikasi Saylovlar va referendumlarni oʻtkazish boʻyicha markaziy komissiyasi raisi N.Shayldabekova. – Biz fuqarolar debatlar orqali mamlakatning eng yuqori qonunchilik organiga nomzodlardan batafsil maʼlumot olayotganidan mamnunmiz. Umid qilamanki, bu fuqarolar xabardorligini oshirish, ularning boʻlib oʻtayotgan jarayonlar haqidagi tassavurini boyitish va deputatlikka munosib nomzodlarni saylashga yordam beradi. Saylovlarning tashkil etilishiga kelsak, aholining elektron reyestriini joriy etish oson ish emas. Biz ham 2014-2015-yillarda Qirgʻizistonda elektron reyestrni joriy qilib, haligacha uning ayrim jihatlarini takomillashtirmoqdamiz. Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz qisqa fursatda ushbu tizimni avval Toshkentda, keyin esa respublika boʻyicha amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Bu aholini saylov jarayoniga jalb qilishni oshirish, saylov ishonchli va shaffof boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi.
* * *
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi aʼzosi Rahmatulla Nazarov parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Tailand Milliy assambleyasi yuqori palatasi senatori Yutogorn Vongvian bilan uchrashdi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Tailand qirolligi oʻrtasida bu kabi doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish kelgusida oʻz samarasini berishini alohida taʼkidladi. Davlatlararo bunday doʻstona aloqalar Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani borasida soʻz yuritildi.
Faxriy mehmon mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurgani, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoy-iqtisodiy islohotlar katta taassurot qoldirgani toʻgʻrisida iliq fikr bildirdi.
Qayd etilganidek, bu galgi saylovlar Oʻzbekistonning ochiq siyosatini yorqin ifoda etib, xalqning parlament yangi tarkibini shakllantirishdagi faolligini namoyon etadi. U saylov jarayonida yoshlar faol ishtirok etishi, saylov kampaniyasiga xolisona baho berish muhimligini alohida taʼkidladi. Uning fikricha, mazkur siyosiy tadbir chinakam demokratik davlat yoʻlida turgan Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsini mustahkamlashga xizmat qiladi.