Xalqaro ilmiy anjuman: qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokamada
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion agrotexnologiyalar va chorvachilikning global integratsiyasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy, ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari, soha mutaxassislari, yurtimizdagi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xorijlik olimlar, tadqiqotchi va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Anjumanni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Murodjon Atajanov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjuman ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun ilmiy muloqot maydoniga aylanishini ta’kidladi.


Anjumanning yalpi majlisida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim va ilmiy muassasalari vakillari tabrik va ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, Jizzax viloyati Forish tumani hokimi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Sohib Islomov, Latviya Hayot fanlari va texnologiyalari universiteti professori Irina Kulitane, Koreya Respublikasi Kyongsong milliy universiteti professori Park Jangsik, Qirg‘iz-Turkiya Manas universiteti veterinariya fakulteti dekani Ismail Sen, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professori Gulchehra O‘rinboyeva, Tojikiston Agrar universiteti professori Shoahmat Mirzaahmatov va boshqa olimlarning ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalarda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, zamonaviy innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish, chorvachilik sohasidagi ilg‘or yondashuvlar hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari xususida so‘z yuritildi, bu boradagi yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.


– Global miqyosda tabiiy resurslar kamayib borayotgan bugungi kunda qishloq xo‘jaligi rivojiga ilmiy yondashish, shu jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash insoniyat oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professori Zokirjon Bostonov. – Bu boradagi ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik, albatta, mavjud muammolarni bartaraf etish, ijobiy natijalarga erishishga keng yo‘l ochib beradi.
Kuning ikkinchi yarmida anjuman o‘z ishini “Iqlim o‘zgarishlari sharoitida agrar sohani innovatsion rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligini takomillashtirish”, “Barqaror qishloq xo‘jaligi va ekologik xavfsizlik”, “Barqaror qishloq xo‘jaligi – integratsiya va innovatsiya”, “Innovatsion texnologiyalar va energiya samaradorligi”, “Innovatsion agrotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi”, “Chorvachilik va veterinariyada innovatsion yondashuvlar” deb nomlangan sho‘’ba yo‘nalishida davom etdi.
Muloqotlarda iqlim o‘zgarishlari sharoitida agrar sohani innovatsion rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligini takomillashtirish, yuqori hosilli navlarni yaratish, dorivor hamda o‘rmon bioresurslaridan barqaror foydalanish, shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishning ilmiy-amaliy asoslari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, anjumanda mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Janubiy Koreya, Turkiya, Latviya, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 10 ga yaqin mamlakatning olim va mutaxassislar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etib, o‘zlarining mavzu doirasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashganligi tadbirning nufuzini yanada oshirdi. Shu bilan birga professorlar, malakali mutaxassislar tomonidan taqdimotlar, mahorat darslari ham o‘tkazildi.
Har jihatdan samarali va foydali o‘tgan mazkur ilmiy anjuman barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga, olim va mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishi, bilim va malakalarini yuksaltirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri