Xalqaro forum qatnashchilari Samarqandda
Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi ishtirokchilari Samarqandga keldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilgan nufuzli anjumanda 50 dan ortiq mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

Ikki kun davomida Toshkent shahrida xalqaro forumning ochilish marosimi va bir qator tadbirlar o‘tkazildi. I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent deklaratsiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini 2027-2030-yillarda rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Forum doirasida 9-iyul kuni Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida “Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi konferensiya o‘tkaziladi. Anjumanda Imom Buxoriyning ilmiy merosi, hadislarni saralash mezonlari, “Sahih al-Buxoriy” asarining jahon ilm-fanidagi o‘rni va ahamiyatini muhokama qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, “Imom Moturidiy merosi – islom sivilizatsiyasining mo‘’tadillik va aql-idrok poydevori” mavzusida anjuman o‘tkazilishi va unda Imom Moturidiy ta’limoti, moturidiylik maktabi ulamolarining ilmiy merosi hamda mazkur ta’limotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr almashish ko‘zda tutilgan.

Nufuzli anjuman qatnashchilari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi.
Forum ishtirokchilarini Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi Adiz Boboyev va boshqa mas’ullar kutib oldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri