Xalqaro aloqalar rivojlanmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 29 iyuldagi "Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida har yili ikki marotaba oliy ta’lim muassasalari talabalari va yoshlar uchun "TURKSOY" tashkiloti bilan hamkorlikda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali o‘tkazilishi belgilangan. Shu munosabat bilan 22-26 may kunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida I Xalqaro “Turk dunyosi talabalar teatr festivali” o‘tkazilmoqda.
"TURKSOY" bosh kotibi Sultan Rayev boshchiligida Turkiya Respublikasi Anqara musiqa va go‘zal san’atlar universiteti, Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti, Qozog‘iston milliy san’at akademiyasi, Bolot Beyshenaliv nomidagi Qirg‘iziston davlat madaniyat va san’at universiteti, Turkmaniston davlat madaniyat instituti hamda Oltoy davlat madaniyat instituti rektorlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’at institutiga tashrif buyurdi.
Institut rektori, professor Avaz Mansurov mehmonlarni institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Pedagog va talabalar tomonidan tayyorlangan kichik konsert dasturi mehmonlarga manzur bo‘ldi. Kelgusida tarixiy qardoshlik va azaliy do‘stlikni mustahkamlab, talabalar almashinuvi va institutlararo xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishildi.






M.Qosimova, O‘zA