Xalq va armiya – bir tanu bir jondir
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 30 yil to‘ldi.
O‘tgan 30 yil ichida harbiy sohada olib borilgan tizimli islohotlar natijasida mamlakatimizning harbiy salohiyati yanada yuksaldi. Prezidentimiz O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, “Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz...
...Muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi”.
Ushbu qutlug‘ sana Navoiy viloyatida ham ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Bayram dastlab erta tongdan barcha korxona, tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlanib, tinchlik va osoyishtalik yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi yana bir bor yodga olindi. Bayram tantanalari viloyat hokiligi tantanalar zalida davom etdi.
Dastlab davlatimiz madhiyasi bilan boshlangan tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov yig‘ilganlarni yurtimiz tinchligi va xalqimizning osuda hayotini tarannum etuvchi ayyom – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi bayrami bilan tabrikladi.
– 13 yanvar kuni Mudofaani boshqarish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida alohida ta’kidlaganidek, xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Chunki faqatgina tinchlik-osoyishtalik mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolatidir, – dedi N.Tursunov. – Albatta, bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda manzilli islohotlar olib borilmoqda. Ularning barchasi xalqimizning kechagi kundan bugun, ertaga esa bugungi kundan ko‘ra yaxshiroq yashashlari uchun amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”, degan ulug‘ g‘oya hayotga tatbiq etilmoqda.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tinch va osudaligimiz barqarorligi, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda fidokorona xizmat qilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga esdalik va ko‘krak nishonlari, viloyat hokimining “Faxriy yorlig‘i” hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
– Yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga, tinchligi va osoyishtaligiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz, – deydi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni sovrindori – Navoiy viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i Begzod Usmonov.
– bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tizimimiz moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanmoqda, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qator imtiyozlar berilmoqda. Eng muhimi, xalqimizning Vatan himoyachilariga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Yurtboshimizning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida alohida qayd etilganidek, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda joylardagi hokimiyat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilamiz.
Bayram tantanalari Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni, ona yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan tomoshalar bilan davom ettirildi.
Bayram tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida, qishloq va ovullarida davom etmoqda.
[gallery-5466]
Abduvali BO‘RIEV,
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA.