“Xalq va armiya – bir tanu bir jon!”
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” mavzuida ijodiy asarlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mustaqillik g‘oyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy islohotlar mohiyatini san’at vositasi orqali yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish, yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmadan professional ijodkorlarning 28 ta tasviriy san’at asari, 68 ta fotosurat, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, havaskor rassomlar va yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan 600 dan ortiq ijodiy ishlar o‘rin oldi.

Tadbir ishtirokchilarining qayd etishicha, har bir asar kishini mushohadaga chorlash kuchiga ega bo‘lib, ijodiy ishlarda hayotning oddiy bir lahzasini emas, tarixga muhrlanadigan soniyalarning aks etayotganini his etib, insonni emas, uning qalbini, tabiatning go‘zal manzarasini emas, tiriklikning bir bo‘lagini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazma 15 yanvarga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA