Xalq va armiya – bir tanu bir jon!
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida bayram tadbiri va sport musobaqalari tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti vakillari, harbiylar, universitet o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sh. Qudratxo‘jayev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” tamoyili asosida qator ishlar amalga oshirilayotgani, armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom ma’noda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Dastavval harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida Milliy gvardiya otliq askarlari paradi o‘tkazildi. Talaba-yoshlar hamda harbiylarning ko‘rgazmali harbiy chiqishlari, sahna ko‘rinishlari hamda Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijrosi barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.
Tadbir davomida “Talabalar ligasi” doirasidagi sport musobaqalarining mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi va shaxmat bo‘yicha “Rektor kubogi” g‘oliblari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Bahslar qizg‘in va shiddatli tus oldi.
[gallery-15507]
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan harbiy-texnika vositalari ko‘rgazmasi yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yana jo‘sh urdirib, yurt taqdiriga daxldorlik hissini oshirdi.
Tadbir yakunida talabalar ishtirokida O‘zbekiston Aeronaftika federatsiyasi tomonidan samoga havo shari uchirildi.
Kamola Yusupova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA