Xalq tabobatini ommalashtirish yo‘lida
Qaror va ijro
Buxoroda Prezidentimizning “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar institut va viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda farmatsevtik kompaniyalar, talabalar, olimlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari hamda sohaga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda xalq tabobatini rivojlantirish, dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va ulardan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mazkur qarorning asosiy maqsadi – dorivor o‘simliklarning ilmiy tadqiqotlar negizida sanoat miqyosida yetishtirilishini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyotda ularning qo‘llanishini kengaytirish hamda dorivor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat.

Tadbirda institut rektori Shuhrat Teshayev va viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov yig‘ilganlarga mazkur qaror ijrosi hamda an’anaviy tabobatni taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Seminar doirasida farmatsevtika sohasi vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusida dorivor o‘simliklarning iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada oshirish borasida amaliy takliflar bildirdi.


– Institutda so‘nggi besh yil davomida xalq tabobati yo‘nalishida bakalavr darajasida kadrlar tayyorlab kelinmoqda. Bugungi kunga kelib, institut qoshida 50 dan ortiq dorivor o‘simlik turi yetishtirilib, ular tibbiyot amaliyotida qo‘llanilmoqda. Bu esa soha mutaxassislari uchun amaliyotda tajriba orttirish va ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatini yaratadi. Bu kabi tadbirlar dorivor o‘simliklardan samarali foydalanish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalq tabobatini yanada ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi institut rektori Shuhrat Teshayev.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri