Xalq diplomatiyasi va yoshlar
So‘nggi yillarda yoshlar diplomatiyasi Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida ko‘p tomonlama munosabatlarning yangi formati sifatida shakllanmoqda. Eslatib o‘tish joiz, SHHT Samarqand sammiti deklaratsiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaatnomasi va ushbu hujjat ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturi qoidalarini amalga oshirish asosida yoshlar hamkorligini kuchaytirish muhimligi ta’kidlangan edi.
2025-yil Tyanszinda bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashida O‘zbekiston yetakchisi madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish muhimligini qayd etdi.
Umuman, yurtimiz ichki va tashqi siyosatda davlatimiz rahbari boshchiligida ma’rifat va diniy bag‘rikenglik masalasiga hamda dunyoda tinchlik va konfessiyalararo muloqotni, turli millat va elatlar jipsligini mustahkamlashga alohida e’tibor berib keladi. Shu bois yosh avlod o‘rtasida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasi alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu mushtarak g‘oyalar amaliy ifodasi sifatida hamda Tashkilot ta’sis etilganining 25 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan “Ziyo Forum” jamg‘armasi bilan hamkorlikda, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida “SHHT makonida yaxshi qo‘shnichilik, madaniyat va dinlar xilma-xilligi, ma’naviy qadriyatlarni saqlashga oid dolzarb vazifalar” mavzusida yoshlar anjumani tashkil etildi.
Tadbirda ekspertlar, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, oliy o‘quv yurtlari bakalavr, magistrlari, Senat va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, “Xalq diplomati” klubi faollari, yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida tanlangan mavzu batafsil muhokama qilinib, belgilangan vazifalarni hal etishda yoshlarning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq takliflar bildirildi, tavsiyalar ishlab chiqildi.
Dasturdan “SHHT makonida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashning zamonaviy mexanizmi”, “Madaniy va diniy xilma-xillikni saqlash, ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirish” mavzularidagi yig‘ilishlar ham o‘rin oldi.
Konferensiya qatnashchilari yakdil qabul qilgan maxsus Rezolyutsiyada SHHT hududida madaniy va diniy xilma-xillik hamda ma’naviy qadriyatlarni asrashda yoshlar ishtirokini kengaytirish yo‘llari aks etgan. Mazkur hujjat xalq diplomatiyasi yo‘nalishidagi amaliy chora-tadbirlar uchun “Yo‘l xaritasi” vazifasini ham o‘taydi. Tajriba almashish, turli mamlakatlar yoshlari hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashadi.
Tadbir yakunida Markaz hamkorlari – xalq diplomatiyasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faol yoshlarga “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni topshirildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati ko‘magida tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA