Xalq dardini aytgan shoir
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Xiyobon oqshomlari” loyihasining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur she’riyat oqshomi atoqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun ijodiga bag‘ishlandi.
– “Xiyobon oqshomlari” loyihasining navbatdagi tadbiri atoqli shoir ijodiga bag‘ishlangani yoshlarning Azim Suyun she’riyatiga bo‘lgan qiziqishidan darak beradi, – dedi adiba, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ma’mura Zohidova. – Aytish joizki, Yozuvchilar uyushmasi Azim Suyun ijodiga bag‘ishlangan yana ko‘plab yirik tadbirlarni rejalashtirgan.
–Azim Suyun adabiyot maydoniga Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Xurshid Davron, Erkin A’zam, Shavkat Rahmon singari zabardast ijodkorlar bilan birgalikda kirib keldi, – dedi tadqiqotchi olima Naima Keldiyorova. – Uning ilk she’riy to‘plami “Mening osmonim” nomi bilan 1978 yilda nashr etilgan. Azim Suyun shoirlikni xalq dardini aytishda, millat dardiga darmon bo‘lishda, deb bilar edi. Fikrlarini sodda, jaydari tilda ifoda etish shoir ijodining o‘ziga xosligidir. A.Suyun xalqona, baxshiyona an’analarni davom ettirgan ijodkor edi. Ayni paytda tarix, milliy o‘zlikni anglash uning she’riyatida ustuvor o‘rin egallaydi.
–Azim Suyun katta ijodiy yo‘lni bosib o‘tgan shoir edi, – dedi adabiyotshunos olim Suvon Meli. – U Xurshid Davron, Usmon Azim, Shavkat Rahmon singari shoirlar bilan yonma-yon ijodga kirib kelgan shoirdir. Uning sahroyi vallomatligi, ijobiy ma’nodagi to‘poriligi she’rlariga ham ko‘chgandi. Uning “Sarbadorlar” she’riy dramasi yosh adabiyotshunoslar tomonidan tadqiqot etilishi kerak, deb o‘ylayman.
“Xiyobon oqshomi”da atoqli shoir Azim Suyun she’rlaridan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Sarvar Usmonov shoir so‘zi bilan aytiluvchi qo‘shiqlarni ijro etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA