“Xalq bilan birga” tamoyili amalda
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida inson qadri, uning manfaatlari va farovon hayoti ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu ezgu tamoyilni hayotga izchil tatbiq etishda partiya tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur dastur nafaqat siyosiy tashabbus, balki aholi muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlar majmuidir. Uning asosiy maqsadi har bir xonadonga kirib borish, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilish va ularni qiynab kelayotgan masalalarni joyida hal etishdan iborat.

Dastur doirasida partiyaning Navoiy viloyati Kengashi, mahalliy Kengash deputatlari va faollar tomonidan xonadonbay o‘rganish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa aholi bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqib, ularning dardini eshitish va muammolarini tezkor hal etish imkonini bermoqda.
O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi apparat rahbari, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Muhammad Eshniyozov hamda xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Mahfuza Hamrayeva o‘z saylov okruglarida aholi bilan uchrashdi. Uchrashuvlar davomida deputatlar hududda joylashgan yotoqxonalarda istiqomat qilayotgan fuqarolar xonadonlariga tashrif buyurib, ularning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Muloqotlar jarayonida aholini qiynab kelayotgan bir qator muammolar kommunal xizmatlar sifati, uy-joylarni ta’mirlash, bandlik, tibbiy xizmatga ehtiyoj kabi masalalar ko‘tarildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan har bir murojaat o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.
E’tiborlisi, ayrim muammolar joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda aniq “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Bu esa “Xalq bilan birga” dasturining amaliy ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Shuningdek, uchrashuvlar davomida aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan imkoniyat va sharoitlar haqida ham tushunchalar berildi.
Ta’kidlash kerakki, bunday muloqotlar aholining davlat va jamoat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, ishonchni mustahkamlash va partiyaning joylardagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani inobatga olinib, ularga befarq qaralmayotgani fuqarolarda ertangi kunga ishonchni mustahkamlamoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri