“Xalq bilan birga”: murojaat amaliy yechim topdi
Aholi murojaatlarini o‘rganish, ularda ko‘tarilgan muammolarni joyiga chiqqan holda tahlil qilish va amaliy yechimini ta’minlash O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturida belgilangan muhim vazifalardan biridir.
Dastur doirasida yaratilgan platforma orqali kelib tushgan murojaatlar deputatlar tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilmoqda. Jumladan, Xo‘jayli tumani “Parvoz” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Tovon yab ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholining elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaati ham shu asosda o‘rganildi.
Mazkur hududdagi transformatorning eskirgani va quvvati mavjud ehtiyojga mos kelmasligi oqibatida mahalladagi 300 ga yaqin xonadon elektr energiyasida tez-tez uzilishlarga duch kelayotgan edi. Muammo “Xalq bilan birga” platformasiga kiritilib, deputatlik nazoratiga olindi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida Xo‘jayli tumani Kengashi deputati Aybek Tojimurodov mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud holatni tahlil qildi. Transformatorni yangilash uchun zarur mablag‘ miqdori aniqlanib, masalani Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritish bo‘yicha tegishli taklif tayyorlandi.
Deputat tashabbusi asosida transformatorni yangilash uchun mablag‘ ajratish masalasi Xo‘jayli tuman Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqildi. Natijada Kengash qarori qabul qilinib, zarur mablag‘ ajratildi. Qaror ijrosi ta’minlanib, Tovon yab ko‘chasidagi eski transformator yangisiga almashtirildi.
Shu tariqa, “Xalq bilan birga” platformasiga kiritilgan murojaat deputatlik nazorati orqali tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi. Bu holat aholi murojaatlarini qabul qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni aniq masala sifatida o‘rganish, mas’ullar oldiga qo‘yish va yakuniy natijaga erishish muhimligini ko‘rsatadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri