Voyaga yetmagan 4 nafar farzand onasi bag‘riga qaytarildi
Xorazm viloyatining Xonqa tumanida yashovchi fuqaro Sh.S. oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i S.M.ning uyidan ketishga majbur bo‘lgan.
Biroq, voyaga yetmagan 4 nafar farzandni o‘zi bilan olib ketolmagach, sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan javobgar S.M.ning tarbiyasida bo‘lgan voyaga yetmagan 2015-yilda tug‘ilgan M.A., 2017-yilda tug‘ilgan M.A., 2020-yilda tug‘ilgan M.H. va 2022-yilda tug‘ilgan M.M. ismli farzandlari onasi Sh.S. tarbiyasiga olib berish haqidagi ijro hujjati majburiy ijro byurosining Xonqa tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida javobgar S.M. voyaga yetmagan 4 nafar farzandining onasiga ixtiyoriy ravishda topshirishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Lekin, javobgar S.M. farzandlarini onasiga berishdan bosh tortganligi sababli, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan xolislar ishtirokida 4 nafar voyaga yetmagan bolalar onasi tarbiyasiga olib berilishi ta’minlandi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri