Vodilda katta kurash sayli boshlandi
Bugun – 1 iyun kuni Farg‘onaning so‘lim Vodil qishlog‘ida 1 iyun – Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan kurash va belbog‘li kurash musobaqalari boshlandi.
Hamid va Temir polvonlar xotirasiga bag‘ishlangan mazkur musobaqada mamlakatimiz hamda qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikistonning 300 nafarga yaqin kurashchilari ishtirok etmoqda.
– Ushbu xalqaro turnir bu yil 20 marta tashkil etilmoqda. Musobaqa aynan xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilishida ramziy ma’no bor. Xalqaro turnir jajji sportsevarlar va ularning ota-onalari uchun nafaqat kurash, balki sport va san’at bayramiga aylanadi.
Shu kuni navqiron o‘g‘il-qizlarimiz o‘z san’atini namoyish etishadi, bo‘lg‘usi yosh sportchilar ilk bor kurash gilamiga qadam qo‘yishadi. Bugun kun mobaynida kurash bellashuvlari qatori turli bayram tomoshalari tashkil etiladi, – deydi musobaqa bosh hakami Sodiqjon Dehqonov.
Xalqaro turnir davomida kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha 5 nafardan o‘g‘il bolalar va 3 nafardan qizlar bahslashishadi. Bugun saralash musobaqalari bo‘lib o‘tsa, ertaga barcha vaznlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA