Virtual raqamlar bo‘yicha izoh
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston virtual raqamlari sotilayotgani haqida tarqalgan xabarlar norasmiy onlayn servislardan olingan bo‘lib, bunday platformalarda turli davlatlarga tegishli raqamlar mavjud.
Ushbu virtual raqamlar faqat bir martalik tasdiq kodlarini (OTP) qabul qilish uchun qisqa muddatga xizmat qiladi.
Ulardan haqiqiy telefon raqami sifatida foydalanib bo‘lmaydi, internet xizmatlaridan foydalanish imkoni ham mavjud emas. Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy qo‘lga kiritish imkoni yo‘q, shu sababli vahimaga o‘rin yo‘q.
Ayni paytda, mobil operatorlar tarmoqlarida raqamlarni soxtalashtirish holatlarini aniqlash va bartaraf etish tizimlari joriy etilgan. Kibermakonda soxta akkauntlar yaratish muammosi xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra, abonentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Face-ID orqali tasdiqlanadi. Fuqarolar my.gov.uz portalidagi “Mening raqamlarim” xizmati orqali o‘zlariga tegishli barcha raqamlarni nazorat qilib borishlari mumkin.
N.Rahmonova, O‘zA