Virtual erkinlik soyasidagi axloqiy tanazzul
Mulohaza
Axborot asrining eng katta paradokslaridan biri – bu texnologik taraqqiyotning ijtimoiy inqirozlar bilan yelkama-yelka yurishi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy inson hayotining ajralmas bo‘lagiga aylangan bugungi kunda, ularning foydali jihatlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, salbiy oqibatlari ham shunchalik jiddiy. Internet, ayniqsa instagram kabi platformalarda o‘ziga xos virtual dunyoni yaratdi. Bu dunyo axloqiy chegaralarning tobora yo‘qolib borayotgan, qadriyatlar jamiyat emas, algoritmlar asosida belgilanishi mumkin bo‘lgan makonga aylanmoqda.

Internet – global erkinlik. Ammo har qanday erkinlik tartib bilan uyg‘unlashmasa, u inqirozni keltirib chiqaradi. Bugungi kunda ko‘plab blogerlar, marketing mutaxassislari va reklamachilar brend targ‘ibotida axloqiy me’yorlarni e’tiborga olmayapti. Ayniqsa, ayollar obrazining ochiqlashuvi tobora kuchaymoqda. Endilikda: “Brandface” deganda – o‘zini ko‘rsatishga rozi bo‘lgan, jismoniy ko‘rinishi orqali e’tibor tortishga urinayotgan ayollar tushunilmoqda. “Reklama”da esa ochiqcha erotika, haqoratli so‘zlar va kontekstlar bilan bezatilgan vizual materiallar nazarda tutilmoqda. “Kontent” deganda – jamiyatga emas, algoritmga yoqadigan videolar ustunlik qilmoqda.
Bugun internet, ayniqsa, instagram sahifalarida “Nikohsiz yashash uchun qulay kvartiralar”, “Erkin munosabatlar uchun xona ijarasi”, “Faqat juftliklar uchun xizmat” kabi e’lonlar ochiqchasiga tarqatilmoqda. Bu esa nafaqat qonunchilikka, balki milliy va diniy qadriyatlarimizga ham mutlaqo zid.

Shuningdek, bu reklamalarning ko‘pchiligida yarim yalang‘och holdagi ayollar “brend yuzi” sifatida ko‘rsatilyapti. Go‘yoki ularning jozibasi orqali ko‘proq mijoz jalb qilish mumkin. Tungi klublar, 18+ yo‘nalishdagi xizmatlar va “erk uchun hamma narsa mumkin” degan noto‘g‘ri g‘oyalar allaqachon algoritmlarning eng yuqori pog‘onasiga chiqib olgan.
Yuqoridagi holatlar axloqiy me’yorlarning tobora ishlamay borayotganidan dalolat beradi. Jamiyatimizda yoshlar orasida erkinlik degani – tartibsizlik, ochiq-safo yashash degani – maqsadsizlik sifatida talqin qilinmoqda. Ayniqsa, 16–25 yoshdagi auditoriya bu “trendlar”ni sog‘lom baholay olmaydi va natijada ularni hayot mezoniga aylantirib oladi.
Bunday reklama va kontentlar faqat bitta kishining emas, butun bir avlodning ruhiy, axloqiy va hatto huquqiy shakllanishiga salbiy ta’sir qiladi. Chunki ular ong ostiga quyidagi noto‘g‘ri xabarlarni yuboradi: “Pul topsang, hammasi mumkin”, “Taniqli bo‘lish uchun hatto hayotingni xavfga qo‘y”, “Axloq – eskilik sarqiti”, “Oila, nikoh, or-nomus – bu o‘tgan asrga xos” kabi tushunchalar.
Turli xil platformalarda tinmay aylanayotgan nikohsiz ijaraga qo‘yiladigan uylar, tungi klub va massajxona kabilarning reklamalari erkinlik emas, balki axloqiy buzuqlikka chorlov sifatida xizmat qilmoqda. Bugun har birimiz smartfon tutgan qo‘limiz bilan “ma’naviy makon”ni shakllantiryapmiz. Biroq savol tug‘iladi: bular ustidan kim nazorat o‘tkazmoqda? Kim bu kontentlarni filtrlaydi? Kim bolalarimiz nima ko‘rayotganini kuzatadi?
Yurtimizda Ichki ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan ba’zi noqonuniy kontentlar bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani inkor etilmaydi. Ammo bu holatlarning soni internet tezligidan ortib borayotgan bir vaqtda, masalaga faqat yuqoridan emas, pastdan jamiyat ichidan turtki berish zarur.
Umumta’lim maktablarida raqamli madaniyat va axborot xurujlariga qarshi immunitetni shakllantirish bo‘yicha alohida fan joriy etilishi kerak. Bu orqali internetga kirayotgan har bir shaxsda tanlov madaniyati shakllanadi va ko‘rayotganlarini sintez qilishga immunitet paydo bo‘ladi. Bu nafaqat tanlov, balki shahvoniy harakatlarga yo‘l qo‘yilgan, axloq me’yorlariga zid video, reklamalar ustidan shikoyat qila olish va unday videolarning tarqalmasligiga o‘z hissasini qo‘shishni ham o‘rgatadi.
Har bir reklama beruvchilar uchun alohida litsenziya va etik qoidalarni ishlab chiqish kerak. Shu orqali reklama ma’nosi va unda targ‘ib qilinayotgan har bir narsa e’tiborga olingan bo‘lar edi.
Ijtimoiy tarmoqlar – bu shunchaki ko‘ngil ochar vosita emas. Ular bugungi dunyoqarashni, ertangi qarorlarni va butun jamiyat taqdirini belgilayotgan maydondir. Shu sababli, bu maydonni biz ijobiy qadriyatlarimiz bilan to‘ldirmasak, begona mafkuralar to‘lib boraveradi. Har doim ham ekran ortida reklama beruvchilar va kontent yaratuvchilar uchun mos auditoriya o‘tirmaydi. Boshdan oyoq jargon va vulgarizmga oid so‘zlardan tashkil topgan bunday kontentlar o‘sib kelayotgan yoshlar ongida o‘z asoratini qoldirmay qo‘ymaydi. Faqatgina shaxsiy manfaat emas, balki kishilar uchun manfaatlar ko‘zlagan kontentlar yaratishda har bir inson vijdonan yondashuvi zarur.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA