Viqorli tog‘lar ustidagi Chungurak qishlog‘i
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi tog‘li qishloqlar G‘ilon, Ko‘l, Sarchashma va boshqalar haqida ko‘p hikoya qilganmiz. Ammo ushbu o‘lkada hali biz bormagan sarguzashtlarga boy manzillar juda ko‘p ekan. Ulardan biri dengiz sathidan qariyb 2 ming metr balandlikda joylashgan Chungurak qishlog‘idir.
Bu qishloqqa Hisorak MFY markazidan boriladi. Masofa ham uncha uzoq emas, lekin tog‘ning tepasida joylashgani bois yo‘lda harakatlanish mashaqqatli. “Hisorak” mahallasi markazidan “UAZ” mashinasiga o‘tirdik. G‘ilon yo‘liga tushdik va chapga burilib, tog‘ tepasiga qarab ilon izi yo‘llardan harakatlanishni boshladik. Tepaga qarab yurar ekanmiz, mashina motori chinqirib guvullaydi. Yo‘lda to‘xtab sovitamiz. O‘zini Ro‘zi Norqulov deya tanishtirgan shofyor qishlog‘i haqida g‘ururlanib gurung beradi.
– Bu yo‘lni otam rahmatlik bosh-qosh bo‘lib qurdirgan, – deydi Ro‘zi Norqulov. – Otam bo‘lim boshlig‘i bo‘lganlarda. 80-yillargacha qishloqqa mashina boradigan yo‘l bo‘lmagan. Odamlar so‘qmoq yo‘ldan ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib chiqib tushgan. Ota-bobolarimizning aytishicha, qishloqqa chiqayotib soqoli yerga tekkuncha egilib qolgan ekan. Shuning uchun qishlog‘imizning ikkinchi nomi “azobak” ham deb yuritiladi. Bir yil davomida og‘ir texnikalarda yo‘l qurib bitkazilgan. Mana hozir biz avlodlar buni mevasini yeyapmiz.
Yuqorilab borar ekanmiz, chap tomonimizda “Hisorak” suv ombori va unga quyiluvchi daryo irmoqlari kaftdek ko‘rindi. Biroz to‘xtab ushbu manzaralarni foto kadrlarga joyladik. Nihoyat qishloqning boshlanishidagi uylar ko‘rina boshladi. Shofyor yetib kelganimizga ishora qildi. Ushbu qishloq tog‘ning ustida joylashgan bo‘lsada, hududda chorvachilik, dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Aholining asosiy daromadi mana shu tarmoqlardan. 170 dan ziyod xo‘jalik istiqomad qilayotgan ushbu qishloq tabiati o‘zgacha, havosi musaffo, qishloq markazida buloq suvi doim oqib turadi. Shuncha balandlikda yer qa’ridan buloqlarning jildirab oqib turishi haqiqiy mo‘’jiza.
Ro‘zi Norqulov bizni qishloq aholisining tomorqalari joylashgan “Chappa suv” deb ataluvchi kenglikka boshlab bordi. Qariyb 45-50 gektarlik maydonda joylashgan ushbu yer aholiga 10 sotixdan tomorqa uchun bo‘lib berilgan. Qishloqdagi deyarli hamma xonadonning bu yerda tomorqasi bor. “Chappa suv” deb atalashiga kelsak, yer maydonining quyosh botar tomonida sel suvlari yig‘iladigan ombor joylashgan. Qishki va bahorgi yog‘ingarchilik natijasida omborga ko‘p miqdorda suv yig‘iladi va shu suv aholining yoz bo‘yi tomorqalarini sug‘orish uchun xizmat qiladi. Undan chiqayotgan suv esa kun chiqarga qarab oqqani uchun chappa suv deb nomlangan.
Qishloq aholisi, tomorqaga kartoshka, no‘xat, chorvasi uchun ozuqabop va boshqa ekinlar ekib foydalanadi. Biz borgan paytda tomorqalardagi yetilib pishgan kartoshkalar kavlab olinayotgan ekan. To‘xtab dehqon bilan biroz suhbatlashdik.
– 10 sotix tomorqamiz bor, – deydi 65 yoshli Eshpo‘lat Sharipov. – Unga erta bahorda kartoshka ekkanmiz. Mana bugunga kelib pishib yetildi. 2 tonnadan ziyod hosil oldik. Shukr daromadi yomon emas. Yoz bo‘yi mehnat qilamiz. Suv yetarli, tuprog‘imiz unumdor faqat mehnat qilishimiz kerak. Farzandlar, nabiralar bizga yordamchi, hosildan ular ham ulushini olishadi.
[gallery-13491]
Eng qizig‘i bu qishloqdagi dehqonchilik amallari barcha-barchasi qadimiy usulda bajariladi. Yerga ishlov berish eskicha omochlar bilan eshak, ho‘kiz yordamida amalga oshiriladi. Hatto no‘xat kabi dukkakli o‘simliklarning hosilini yig‘ishtirib olish ham o‘sha qadimiy usulda bajariladi. Ya’ni keng dalaning o‘ngay tomonida “Maslahat tepa” deya ataluvchi tepalik bor va uning oldida kengligi taxminan 150-200 kvadrat keladigan maydon joylashgan. Aholi orasida tarqalgan rivoyatga ko‘ra, ushbu joy qishloq tashkil etilgan qadimgi zamonlarda qishloq kattalarining maslahat qiladigan, majlis va yig‘ilishlar o‘tkazadigan joyi hisoblangan. Shu yerdan turib, qishloq raisi aholiga o‘z buyruq va topshiriqlarini yetkazgan ekan. Bugun esa o‘sha tepalik dehqonlarning maslahat o‘tkazadigan joyi va pastdagi maydon esa xirmon vazifasini bajarmoqda.
Navbati bilan xirmonga dehqonlar no‘xatlarini poyasi bilan o‘rib kelib yoyishadi, eshak va ho‘kizlar ba’zan UAZga o‘xshagan mashinalarda yanchishadi. Keyin esa shamolning esishiga qarab sovurishadi.
Shunda somoni alohida, doni alohida bo‘lib ajraladi.
– Tomorqamizda yetishtirgan no‘xat, bug‘doy, arpa kabi ekinlarni pishib yetilgach navbati bilan shu xirmonga olib kelib tarqatamiz, – deydi Jumaqul Ortiqov. – To‘g‘ri, bugun texnika-texnologiya rivojlanib ketgan, lekin bunday usulda bajarishda ham hikmat bor. Masalan, yerni og‘ir texnikada haydasangiz qotib qoladi, hosildorlik kamayadi. Ham xarajati katta. Jaydari usulda uni tekinga bajaramiz. Donlarni ajratib olishda ham shamolning kuchidan foydalanamiz. Xirmonni ota-bobolarimiz bejizga mana shu yerga qurishmagan. Sababi ayni shu joyda shamol qattiqroq esadi va don somondan yaxshi ajraladi. Shu bois ota-bobolarimiz tajribasiga tayanib ish qilyapmiz.
Darhaqiqat, o‘ylab qolasan, bugun atrofimizni tobora texnika texnologiyalar qamrab olayotgan bir paytda tabiiylikni saqlab qolish ham bir mahorat. Asl hikmat mana shunda, deydi chungurakliklar. Ekinlarga ham birorta kimyoviy preparatlar sepilmas ekan. O‘g‘itlar ham mahalliy, qoyil qolmay iloj yo‘q. Texnikalar kam, shu sabab havo ham musaffo.
Yo‘l-yo‘lakay suv omborini ham borib ko‘rdik. Kattagina bahri muhit. Yil oxirlab qolgan bo‘lsada, hali omborda suv bor. Hamrohimiz Ro‘zi Norqulov unda baliqlar ham borligini ta’kidladi. Shu yerlik oqsoqollarning aytishicha, qishloqning ilk shakllanishi aynan shu suv ombori joylashgan yerda bo‘lgan. Keyinchalik kelishilgan holda yuqoriroqqa ko‘chib chiqishgan va suv yo‘lini to‘sib suv ombor tashkil qilingan. Shuni evaziga yoz mavsumida dehqonchilik qilish imkoni yaratilgan va shu yerlarda yetishtirilgan hosil butun qishloqni boqqan va bugungi kungacha ham shunday bo‘lib kelmoqda.
Daladan qaytib qishloq markazidagi buloq boshida to‘xtadik. Qonib uning suvidan ichdik. Ruhimiz orom oldi. Ichimlik suvini qishloq aholisining ko‘pchiligi shu buloqdan tashib ichishar ekan. Qolganlar artezian quduqlardan chiqayotgan suvdan foydalanishadi. Ammo ochig‘ini aytish kerak qishloqda yo‘l va ichimlik suvi bilan bog‘liq jiddiygina muammolar bor.
Hovlilardagi nashvati va noklar g‘arq pishgan. Ko‘rgan kuz quvnaydi. Tog‘ odamlari juda samimiy bo‘lishadi. Og‘ir tog‘ sharoitida yashayotgan bo‘lsada, hayotidan, o‘tayotgan kunidan rozi. Tilidan shukronalik kalomlari arimaydi. Yaqinda qishloqning tibbiyot punkti ham ta’mirlab berilibdi. Bu voqeani ham ular katta quvonch bilan tilga olishdi.
Tabiiy sharoitda yetishtirilgan qovurilgan kartoshka va qovurib xumlarga solib qo‘yilgan go‘shtning ta’mi og‘zimizda qoldi. Qishloqdan qaytar ekanmiz quyosh baland tog‘lar orqasiga sekin bota boshladi. Qishloqning boshlanishi hisoblangan baland nuqtadan yana qishloqqa boqdik. Tabiat atalmish buyuk rassom chizgan go‘zallikdan bahra oldik va ortimizga qaytdik.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.