Veterinariya va çorvaçilik sohasining dolzarb masalalari muhokama qilindi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, çorvaçilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali taşabbusi bilan “Veterinariya meditsinasi va çorvaçilikdagi dolzarb muammolar va ularning yeçimlari” mavzusida xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik konferensiya bölib ötdi.
Özaro tajriba almaşiş, hududiy muammolarni xalqaro miqyosda muhokama qiliş va veterinariya hamda çorvaçilik sohalarining istiqbolli yönalişlarini belgilaşga qaratilgan anjumanda Qoraqalpoğiston Respublikasi Jöqorği Kengesi va Vazirlar Kengaşi vakillari, sohaga masʼul taşkilotlar rahbarlari, Özbekiston oliy taʼlim muassasalari professor-öqituvçilari, şuningdek, Turkiya, Qozoğiston, Qirğiz, Tojikiston, Xitoy va Rossiya Federatsiyasidan yetakçi olimlar, tadqiqotçilar hamda ilmiy muassasalar vakillari bevosita va onlayn tarzda iştirok etdi.
Konferensiya kun tartibidan hayvonlar salomatligini muhofaza qiliş, yuqumli kasalliklarning oldini oliş va erta taşxislaş, çorva mollari mahsuldorligini oşiriş, yaylov resurslaridan oqilona foydalaniş, biotexnologik işlanmalarni rivojlantiriş hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaş kabi sohaning eng dolzarb masalalari örin oldi.
[gallery-32513]
Oçiliş marosimida sözga çiqqanlar konferensiyaning maqsad va vazifalari haqida söz yuritib, veterinariya meditsinasi va çorvaçilik sohalarida ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati, xalqaro hamkorlikni kengaytiriş hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlarini işlab çiqarişga tatbiq etiş masalalariga alohida töxtalişdi. Konferensiyaning yalpi majlisida turli mamlakatlar olimlari veterinariya va çorvaçilik sohalarida olib borilayotgan ilmiy izlanişlar, tadqiqot natijalari va innovatsion yondaşuvlarga bağişlangan maʼruzalarini onlayn va oflayn şaklda taqdim etdi.
Xalqaro konferensiyaning Nukus şahrida ötkazilişi Qoraqalpoğiston uçun ham alohida mazmun kasb etadi. Hududning tabiiy-iqlim şaroiti, yaylov resurslari va çorvaçilik tarmoğining öziga xos xususiyatlari veterinariya xizmati sifatini oşiriş, çorva mollari salomatligini taʼminlaş va tarmoq samaradorligini yuksaltirişda ilmiy asoslangan yondaşuvlarni taqozo etadi.
Xususan, çorvaçilik samaradorligini oşiriş, yaylovlardan oqilona foydalaniş, hayvonlar orasida uçraydigan kasalliklarning oldini oliş, veterinariya profilaktikasi va taşxislaş tizimini takomillaştiriş hudud uçun dolzarb yönalişlar sanaladi. Şu jihatdan, xorijiy olimlar tomonidan taqdim etilgan tadqiqotlar mahalliy muammolarni xalqaro tajriba bilan qiyosiy örganiş, ilğor işlanmalarni hudud şaroitiga moslaştiriş va mutaxassislar örtasida ilmiy aloqalarni kengaytiriş imkonini berdi.
Ayniqsa, yaylovlarni tiklaş va ularning mahsuldorligini oşiriş, çorva mollari kasalliklarini erta aniqlaş, veterinariya-sanitariya nazoratini kuçaytirişga oid ilmiy yondaşuvlar Orolböyi çorvaçiligi uçun amaliy qiymatga ega. Bu borada ilmiy tadqiqot natijalarini fermer va çorvaçilik xöjaliklari faoliyatiga tatbiq etiş, ilm-fan bilan işlab çiqariş örtasidagi aloqalarni mustahkamlaş masalalari ham konferensiyaning asosiy mazmunidan örin oldi.
Anjumanning yana bir eʼtiborli jihati Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, çorvaçilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan xalqaro ilmiy konferensiyalarning har yili muntazam taşkil etib kelinayotganidir. Bu anʼana orqali filialda mahalliy va xorijiy olimlar örtasida doimiy ilmiy muloqot muhiti şakllanib, xalqaro oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalari izçil kengaymoqda.
Bunday uçraşuvlar Qoraqalpoğistonda olib borilayotgan ilmiy izlanişlarni xalqaro miqyosda tanitiş, mahalliy tadqiqotçilarning tajribasini boyitiş, qöşma ilmiy tadqiqotlar va akademik aloqalarni rivojlantirişga xizmat qilmoqda. Şuningdek, xorijiy olimlar bilan bevosita muloqot talabalar, magistrantlar, doktorantlar va yoş tadqiqotçilar uçun yangi ilmiy qaraşlar, zamonaviy tadqiqot usullari hamda xalqaro tajriba bilan tanişiş imkoniyatini yaratmoqda.
Konferensiya işi beşta şöʼba doirasida davom etdi. Ularda veterinariya meditsinasi va hayvonlar salomatligi, çorvaçilik va hayvonlar mahsuldorligi, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi, qişloq xöjaligini barqaror rivojlantiriş, şuningdek, oliy taʼlim va kasb-hunar taʼlimi sohasida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Yiğilişlarida olimlar va tadqiqotçilar öz ilmiy natijalarini taqdim etib, sohadagi mavjud muammolar, ularning yeçimlari va kelgusi tadqiqotlar yönalişlari yuzasidan fikr almaşdilar. Şuningdek, xorijiy mehmonlar filialning öquv laboratoriyalari bilan tanişib, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar uçun yaratilgan şaroitlarni közdan keçirdilar. Bu yilgi anjuman soha mutaxassislarini birlaştirib, hududiy ehtiyojlar bilan xalqaro ilmiy tajriba örtasidagi boğliqlikni yanada yaqqol namoyon etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), ÖzA