Veterinariya oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikning poydevoridir
Chorvador tong yorishmasdan dalaga podani haydab ketayapti. Nabirasni ovutib olib o‘tirgan onaxon dasturxonga keltirilgan bir kosa saryog‘li sutga non to‘g‘rayapti. Choyxonadagi uch-to‘rt chog‘li tengqurlar esa kartoshka va go‘sht aralashgan qovurmaga ishtaxa bilan qo‘l uzatmoqda.
Ko‘z oldingizda gavdalangan bu manzaralarni bir-biriga bog‘lab turuvchi “zanjir” bor. Shu to‘kinlik ortida chorvadorning ulkan mehnati va mas’uliyati mujassam. Buni ko‘pchiligimiz anglayvermaymiz. Bu zanjirning eng muhim, lekin ko‘zga ko‘rinmas himoyachisi esa veterinarlar sanaladi. Ular jonivorlarning shifokori. Ular oziq-ovqat xavfsizligining oldingi safdagi qalqonidir. Bugungi kunda veterinariya mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi strategik tarmoqqa aylandi.
Xalqaro veterinariya kuni oldidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov sohadagi tub burilishlar va istiqboldagi rejalar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Ma’lumki, 2000-yilda Xalqaro veterinariya assotsiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanbasi “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilingan edi.
Shundan buyon dunyoning turli nuqtalarida veterinariyaga bo‘lgan e’tibor ortdi. Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati natijasida veterinariya tarmog‘i agrar sektorning haqiqiy “drayveri”ga aylantirildi. Bugungi veterinariya faqat davolash emas, balki zooantroponoz kasalliklarning oldini olish orqali inson salomatligini asrash demakdir.
So‘nggi yillarda sohada yaratilgan puxta tizim hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi emlash darajasini yuz foizga yetkazish imkonini berdi. Bu respublikamizda epizootik barqarorlikni ta’minlash, degani. Endilikda “fermadan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlarining veterinariya nazorati xalqaro standartlar darajasida yo‘lga qo‘yildi.
Qo‘mitamiz xalqaro maydonda ham faol. Butunjahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti(WOAH), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Jahon va Osiyo taraqqiyot banklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar sohadagi ilg‘or innovatsiyalarni yurtimizga olib kirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ustuvor vazifadir. Joylardagi veterinariya bo‘limlarini zamonaviy transport vositalari, xususan, mototsikl, skuter va maxsus avtotransportlar bilan jihozlash ularning uzoq va olis hududlardagi fermerlarga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlamoqda. Bu “tezkor yordam” tizimining veterinariyadagi ko‘rinishidir.
Veterinariya sohasi fidoyilari xalqimizning sog‘lom turmush tarzi va iqtisodiy farovonligi uchun kun-u tun mehnat qilayotgan qahramonlardir. Bizning oldimizdagi maqsad nafaqat mavjud ko‘rsatkichlarni saqlab qolish, balki sohani raqamlashtirish va ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish orqali yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishdir.
O‘zA