Vazir va JSST vakolatxonasi rahbari uchrashdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Vazir pandemiya davrida JSSTning O‘zbekistonga berayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi, ayniqsa, yurtimizga kasallik kirib kelgan vaqtida bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik tavsiyalarni ishlab chiqishda ko‘rsatgan ko‘magi sabab minglab insonlarning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, tashkilot ko‘magi bilan mamlakatimizga kasallikka qarshi kurashish uchun gumanitar yordam berilgani, shifokorlarimiz va turli davlatlarning ko‘plab mutaxassislari o‘rtasida videokonferensaloqa o‘rnatilgani, yurtimizga “COVID-19”ga qarshi vaksinalarning olib kelingani aytildi.
Muloqot davomida L. Kuppens tashkilot o‘zi yakka mamlakatda natijalarga erisholmasligi, vazirlik bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasining barcha yo‘nalishlarida yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritish mumkinligini, shuningdek, O‘zbekistonda sohani isloh qilishda davom etish uchun barcha kerakli yordamni berishga tayyor ekanligini aytdi.
Bundan tashqari, JSSTning faoliyati to‘g‘risida batafsil gapirib, shu yilning 24 may – 2 iyun kunlari sayyoramizning 194 nafar sog‘liqni saqlash vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekistonning o‘z takliflari va pozitsiyasi bilan chiqishi mumkinligi hamda bu tadbir boshqa mamlakatlarning shu soha vakillari bilan aloqa o‘rnatish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.
Hozir esa vazirlikda koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha vaqtinchalik tavsiyalarning navbatdagi nashrini tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani va bunda JSST mutaxassislarining amaliy yordami kerak bo‘lishi aytildi.
Muloqot yakunida tomonlar har ikki yilda bir marta Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida tuziladigan hamkorlik kelishuvining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, COVID-19 ga qarshi kurash borasidagi asosiy masalalarni muhokama qilib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA