Vatanparvar avlodni tarbiyalash – ustuvor vazifa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Taraqqiyot strategiyasi islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, odamlarning huquqiy dunyoqarashi, fikri va tafakkurini o‘zgartirishda Xalq qabulxonalari muhim institut sifatida o‘zini namoyon qilmoqda. Shu bois, Taraqqiyot strategiyasida Xalq qabulxonalarining qo‘shimcha huquqiy asoslarini yaratish masalasi belgilandi. Zero, Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish orqali bu institutning mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi o‘rni yanada mustahkamlanadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi vazifalar qatorida ta’lim-tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Bog‘cha tizimini maktab ta’limi bilan uyg‘unlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilash, mamlakatimizning hamma hududlarida o‘nlab yangi-yangi maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilishi aytilib, barcha bog‘chalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlab borilishi qayd etildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan strategiyada oila, bog‘cha, maktab, oliy ta’lim uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi va bu to‘rtinchi yo‘nalishdagi eng ustuvor masalalardir, – dedi O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. – Har bir bolani malakatimiz kelajagi sifatida asrab-avaylab, tizimdan tizimga aqlli, bilimli, dono va ma’rifatli qilib topshirish kerak. Shundagina jamiyatda o‘z haq-huquqini anglaydigan, biz kutayotgan vatanparvar avlod paydo bo‘ladi. Shu jihatdan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Taraqqiyot strategiyasining hayotga tatbiq etilishida har birimiz faol ishtirok etishimiz lozim.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari Taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga e’tibor qaratishi va bu boradagi ishlar fraksiyaning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolishi alohida qayd etildi hamda kelgusidagi vazifalar belilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA