Vatanning fidoyi qizlari
Ko‘rik-tanlovning «Tanishuv» deb nomlangan birinchi shartida ishtirokchilar o‘zlari ta’lim olayotgan ta’lim muassasasi istiqboli, kelajak orzu-maqsadlarini yoritib berishdi.
Donishmandlardan biri «O‘g‘il bolalar avlodni, qiz bolalar millatni davom ettiradilar» deganda nechog‘liq haq bo‘lgan. Darhaqiqat, qizlar ertangi onalar. Ular millat davomiyligini ta’minlaydilar. Zero, farzand tarbiyasida otaning iqtisodiy mas’ulligi bilan birga onaning yuqori ma’naviyati, yuksak ma’rifati, millatparvar, vatanparvarligi muhimdir. Agar bolaning ilk tarbiyasi ona allasi bilan boshlanishini nazarda tutadigan bo‘lsak, bu mukarram zotlarning Vatan oldidagi burchlari nechog‘lik muhimligini ta’kidlash joiz.
Nazokat va nafosat bayrami arafasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari, Bojxona instituti hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Fidoiy qizlar» ko‘rik-tanlovi quvonchlarga boy o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining mahobatli klubida bo‘lib o‘tgan tadbirda ta’lim muassasalari rahbarlari, madaniyat va san’at arboblari, taniqli adiblar, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar guruhi a’zolari, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari faollari ishtirok etishi fayzli tadbirga yanada jon bag‘ishladi.
Tadbirni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Hatamov kirish so‘zi bilan ochib, ayollarni e’zozlash, xotin-qizlarga izzat-ikrom ko‘rsatish xalqimizning bebaho qadriyati ekanligi, mamlakatimizda unib-o‘sib kelayotgan qizlarni hayotga tayyorlash, sihat-salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish orqali ularning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganligi, Prezidentimizning besh muhim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan «Fidoiy qizlar» ko‘rik-tanlovi yoshlarimiz, ayniqsa qizlarning ma’naviy salohiyati, axloqiy fazilatlarini yuksaltirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Ahamiyatlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining «Ma’rifat» jamoasi qizlari o‘zlarining zukkoligi, bilimdonligi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta o‘zlashtirganligi, Bojxona institutining «Humo» jamoasi qizlari intellektual salohiyatli, oqila, o‘z kasbiga fidoiy, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining «To‘maris» jamoasi vakilalari dono, topqir, jasoratli, shiddatli ekanliklarini namoyish etib olqishlarga sazovor bo‘ldilar. Ko‘rik-tanlovning «Tanishuv» deb nomlangan birinchi shartida ishtirokchilar o‘zlari ta’lim olayotgan ta’lim muassasasi istiqboli, kelajak orzu-maqsadlarini yoritib berishdi.
Ikkinchi shart har bir ishtirokchining intellektual salohiyati, ma’naviy dunyoqarashi va bilimdonligini sinovdan o‘tkazdi. «Erkin mavzu» shartida esa qiziqarli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. O‘zbekona qadriyatlarimizning umrboqiyligini ta’minlash har birimizning burchimiz, mamlakatimiz tinchligi, osoyishtaligini saqlash, uni tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilishning ulkan ahamiyati sahna ko‘rinishlari orqali namoyon etildi.
Ta’bir joiz bo‘lsa har uchala jamoa ham ko‘rik-tanlovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganliklari sezildi. Nufuzli hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra IIV Akademiyasining «To‘maris» jamoasi «Eng zukko jamoa», Xalqaro Islom akademiyasining «Ma’rifat» jamoasi «Eng ijodkor jamoa» va Bojxona institutining «Humo» jamoasi «Eng kreativ jamoa» nominatsiyalari bo‘yicha hamda IIV Akademiyasi boshlig‘ining buyrug‘iga ko‘ra diplom va qimmat baho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Guljahon Mardonova O‘zA