Vatanga sadoqat namunasi
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng nishonlandi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng nishonlandi.
Shu munosabat bilan Nukus shahridagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuratura, Davlat bojxona va soliq qo‘mitalarining hududiy bo‘linmalari vakillari, keng jamoatchilik, Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.
Qurolli Kuchlarning kuch tuzilmalari tantanali saf bilan o‘tdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, hududiy harbiy ma’muriy sektor rahbari M.Yerniyazov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bayram arafasida mamlakatimizning mudofaa qudrati va harbiy-texnik salohiyatini yuksaltirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, professional milliy armiyani shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirishdagi katta xizmatlari, jamoat tartibini saqlash, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi samarali mehnati, xizmat burchini bajarishda mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yuqori malaka va mahoratga ega kadrlarni tayyorlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi davlatimiz rahbarining farmoni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Rayosati qarori bilan unvonlar, orden va medallar, ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Tadbirda ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boshqarma boshlig‘i, «Jasorat» medali sohibi M.Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi operativ boshqaruv markazi boshlig‘i, «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi Sh.Qadirov va boshqalar yuksak e’tibor, harbiylar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosim san’at ustalarining bayram konserti bilan yakunlandi.