Vatanga qasamyod – yuksak sharaf
24 aprel kuni Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarda harbiy xizmatga yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun tantanali Vatanga qasamyod tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” majmuasida o‘tkazilgan marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov mudofaa vazirining askarlarga tabrigini o‘qib eshittirdi.


Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Askarlar buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdilar.



– Bugun safdoshlarim bilan birga ona Vatanimizga qasamyod qilganimizdan faxrlanamiz, – deydi Payariq tumani, Nakurt qishlog‘idan oddiy askar Ramazon Akramov. – Shuni alohida ishontirib ayta olamanki, jonajon yurtimizga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqatli xizmat qilib, o‘z yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz.
Asosiy tadbirdan so‘ng, harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi va jangovar chiqishlar, konsert dasturlari namoyish etildi.


Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, bu kabi tantanali marosimlar bugun barcha harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalarda o‘tkazilmoqda. Joylardagi marosimlarda Mudofaa vazirligi, harbiy okruglar va harbiy qismlarning mas’ul ofitserlari tomonidan har bir yurt o‘g‘loniga muddatli harbiy xizmat davomida ulkan zafarlar tilanmoqda.





Z.JONIBEKOV,
O‘zA