Vatan va millat o‘z qahramonlarini unutmaydi!
Xotira, qadr, e’zoz, ehtirom kabi so‘zlar zamirida olam-olam ma’no yashiringan. Bu, ayniqsa, inson sha’niga nisbatan aytilganda uning yuki yanada ortadi. Inson umri davomida bu nisbatlarga mos yashashni orzu qiladi. Bunga esa o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Buning ortida sabr, bardosh, zahmatli mehnat yotadi, albatta.
Namanganda 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda bu so‘zlar qayta-qayta tilga olindi. Tadbir viloyat markazidagi “Motamsaro Ona” haykali poyiga gullar qo‘yishdan boshlandi.
Tadbirga yig‘ilganlar qalbida g‘urur-iftixor, bugungi dorilamon kunlarga shukronalik hissi jo‘sh urdi. Vatanimiz tinchligi uchun butun insoniyatni fashizm balosidan qutqarish uchun jonini qurbon qilgan jasur o‘g‘lonlar xotirlandi. Mard dilbandlarini kutib, ilhaq o‘tgan munis onalar, vafo timsoli bo‘lmish yorlari, aziz farzandlari boshidan o‘tkazgan musibatlar takrorlanmasin.

Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, bojxona boshqarmalari tizimidagi zobitlar maydon bo‘ylab harbiy orkestr sadolari ostida saf tortdi.

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi harbiy-ma’muriy sektor mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda boshqarmalar, korxona va tashkilotlar mutasaddilari front orti faxriylar va baynalmilal jangchilarga ehtirom ko‘rsatdilar. Maydondagi “Xotira kitobi”ni varaqlab, o‘tganlar xotirasi yod etildi.

Muazzam yodgorlikka gul qo‘yish barcha onalarimizga yuksak ehtirom ifodasidir. Motamsaro onaning dil kechinmalari: “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!”, degan so‘zlarini ona go‘yo Vatan bo‘lib, xalq bo‘lib aytayotgandek...
Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan frontga otlangan 67 ming 833 kishidan 3803 nafari janggohlarda halok bo‘lgan, 15 mingdan ortig‘i frontda bedarak yo‘qolgan. 2026 nafar matonatli vatandoshimiz turli darajadagi ordenlar bilan qaytgan. Soli Adashev, Nabijon Mingboyev, Mixail Fayazov, Abdusattor Rahimov kabi o‘nlab namanganlik o‘g‘lonlar sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Ayni vaqtda esa bir nafar urush qatnashchisi, bir nafar urush ishtirokchisiga tenglashtirilgan faxriy, 289 nafar mehnat fronti faxriysi umrguzaronlik qilmoqda.

– Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘rsatgan jasorati, bukilmas irodasi va matonati, insonparvarlik fazilatlari bugungi avlodlar uchun muqaddas xotira va odamiylikning yuksak namunasi bo‘lib qolmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti professori, siyosiy fanlar doktori, viloyat Kengashi deputati Narimon Dehqonov. – Hozirgi osuda va farovon hayot uchun aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning yorqin xotirasini yod etib, ularning ezgu ishlarini munosib davom ettirish tinchlikni buyuk ne’mat, deb biladigan olijanob elimizga xos ezgu fazilatdir.
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla va guzarlarida davom etmoqda. Bunday tadbirlar Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ajdodlarimizning jasorati, yorqin xotirasi unutilmas ekanini yana bir bor yodga soladi. Bu yosh avlod qalbida vatanparvarlik, jasorat, mardlik tuyg‘ularini yuksaltirishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA