Vatan tuyg‘usini aks ettirgan esse
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda taniqli yozuvchilar va adabiyotshunoslar ishtirokida zamonaviy o‘zbek adabiyotida yaratilayotgan asarlar saviyasi va ularning badiiy qiymati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, kengashning 2021 yildagi faoliyati tahlil qilindi.
O‘zbekiston xalq yozuvchilari Muhammad Ali, Isajon Sulton, taniqli yozuvchilar To‘lqin Hayit, Abdujalol Rahim, Sobir O‘nar, Abduqayum Yo‘ldosh, Luqmon Bo‘rixon, Ma’mura Zohidovalar, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri, shoir Salim Ashur ishtirokidagi adabiy yig‘inda yozuvchi Risolat Haydarovaning yangi yozilgan “Sebzor” essesi kun muhokamasiga qo‘yildi.
– Nasrimizda Toshkent nafasi kamroq seziladi. Holbuki, Toshkent bizning taqdirimizda katta o‘rin tutgan shahar, bizning poytaxtimiz, – dedi Nasr kengashi raisi Isajon Sulton. – Biz bugun mana shu bo‘shliqni to‘ldirish umidida yozilgan asarni muhokama qilamiz. Bir uchrashuvda atoqli yozuvchimiz Xurshid Do‘stmuhammad: “Biz shahar nasrini yaratolmayapmiz”, degan edi. Vaholanki, shahar mavzusi har bir milliy nasrga kelib quyiladigan irmoqlardan biridir. “Sebzor” poytaxtimizning qadim dahasida XX asrda kechgan tarixiy voqealar bilan birga uning bugungi kuni, Sebzor kishilari, ularning hayoti, armonlari haqidagi asar.

“Sebzor”ni birinchilardan bo‘lib o‘qigan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali: “Har bir ijodkor o‘z ona shahri, qishlog‘i, ovuli, mahallasi haqida albatta yozishi kerak ekan, degan xulosaga keldim. Chunki mana shunday asarlardan bir butun Vatan surati yaraladi”, deya tarifladi.
– “Sebzor” har qanday shiorlarsiz Vatan tuyg‘usini aks ettirgan esse bo‘libdi. Asar misolida butun respublika miqyosidagi muammolar berilgan, – dedi Luqmon Bo‘rixon. – Toshkent eski shahari faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qiyofaga ega. Biz Qodiriyning Kalvak mahzumi, Toshpo‘lat tajanggida, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”sida, Oybekning “Bolalik” qissasida mana shu qiyofani ko‘rganmiz. Lekin bular XX asr boshidagi Toshkent odamlari edi. bugungi eski shahar qiyofasi qanday? O‘quvchi mana shuni bilishi kerak. Risolat Haydarovani “Sebzor” asari bilan tabriklash mumkin, deya olamiz.
Muhokama jarayonida qatnashchilar essening ko‘lami kattaligini, unda shahar toponimikasi, shuningdek, yo‘qolib borayotgan arxaik so‘zlarga alohida e’tibor berilganini, Toshkent eski shahari mavzusida alohida katta nasriy asar yozish zarurligini qayd etib, esseni nashr etishga tavsiya qilishdi.
D.Mamatova, O‘zA