Vatan sog‘inchi bilan yashaymiz!
Mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan
Mustaqillik tufayli erishgan eng katta yutuqlarimzdan biri, shubhasiz, ta’lim tizimida yaratilayotgan qulayliklardir. Zero, bugungi kun yoshlari nafaqat yurtimizda, balki xorijning yetakchi, nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, bilimini mustahkamlash, tajriba orttirish imkoniga ega.
Tabiiyki, yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, xorijda yashayotgan, o‘qib, izlanayotgan yoshlarimiz talay. E’tiborli jihati, ular boshqa yurtlarda yashasada, diyorimizda kechayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlardan xabardor bo‘lib, ayni jarayonga nisbatan o‘z fikr, mulohazalarini bildirib turadi.
Yetti yildan buyon Germaniyada istiqomat qilayotgan shahrisabzlik jurnalist Ma’rifat Nur ham qalban mudom O‘zbekistonda.
Mustaqillik bayrami arafasida Ma’rifat bilan suhbatlashdik.
- Xorijda yashayotgan aksariyat hamyurtlarimiz singari biz ham oilaviy Vatandagi o‘zgarishlarni virtual tarzda kuzatib boramiz. Yaqinda matbuotda Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Ushbu hujjatda istiqlolning 31 yilligi «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» shiori ostida o‘tkazilishi qayd etilgan. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, mamlakatda barcha islohotlar inson qadr-qimmatini ulug‘lashga yo‘naltirilgan.
Sir emas, mamlakatimizda diniy, ma’naviy, ilmiy, huquqiy sohalarga alohida e’tibor qaratilib, ushbu sohalardagi ijobiy o‘zgarishlar xalq hayotida namoyon bo‘lyapti. Xususan, xalqimizda mustaqil va tanqidiy (tahdidsiz va hadiksiz) fikrlash ko‘nikmasi shakllangan. Umuman, so‘z, fikr, tanlov erkinligi yaratilgani keyingi yillardagi eng yaxshi yangiliklar, deb bilaman.
Xorijda o‘qib, yashab, malaka oshirayotgan yoshlar muntazam qo‘llab-quvvatlanyapti. Ularni yangi davlatchilik uchun hissa qo‘shishga undash, g‘oya va yutuqlarini jamiyatga targ‘ib etish ham avvalgi davrdan ancha farq qiladi. Ayniqsa, ta’lim va sport tizimida yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalar, tanlovlarda ko‘plab yuqori natijalarni qo‘lga kirityapti. Bu mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishga xizmat qiladi, albatta. Respublikamizda peshma-pesh xususiy ta’lim, tibbiyot maskanlari, dunyoda yuqori reytingga ega oliygohlar filiallari ochilayotgani mamlakatimiz rivojiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda bir mulohaza bildirishni istardim. Yurtimizda ishsizlik yildan yilga kamayib bormoqda, maoshlar muntazam oshirilyapti. Tan olish kerak, xorijdagi hamyurtlarimiz doimo Vatanga qaytish istagi bilan yashaydi. Ularning ba’zilarini “qaytsam, oilamni halol topganim bilan boqa olamanmi, qachon, necha yilda o‘z uyim, mashinamga ega bo‘laman kabi qator xavotirli savollar ham bezovta qilishi mumkin. Albatta, zamon, tirikchilik, deganlari hissiyotlar, orzu-umidlardan tashqari real hisobotlarni ham taqozo etadi. Shu ma’noda, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar tez orada pirovard natijalarini berib, yuqoridagi savollarga sira o‘rin qolmaydi, deb o‘ylayman.

Hozirgi kunda “Yoshlar agentligi” tomonidan chet eldagi iqtidorli o‘zbek yoshlarini ham mamlakatimizdagi islohotlarga keng jalb etish loyihalari samarali amalga oshirilmoqda. Ehtimol, shunday yoshlar uchun “virtual partiya” singari majoziy ma’nodagi jamloa tashkil etish kerakdir. Onlayn suhbatlar, vebinar kouching tashabbusi ilgari surilsa, yangicha g‘oyalar tug‘ilarmidi…
Dunyoning qay yerida bo‘lmaylik, Vatan sog‘inchi hamisha biz bilan birga yashaydi. Oilada o‘zbek tilida so‘zlashamiz, farzandlarimizni diniy va milliy tarbiya usullari asosida o‘stiryapmiz. Barcha bayramlarni oila davrasida nishonlaymiz. Ayniqsa, Mustqillik kunini o‘zgacha qarshi olamiz. Farzandlarim ham bu bayramni intiqlik bilan kutadi.
Bu yil ham Istiqlol sanasini uyda nishonlab, bolajonlarimizga yana bir bor Vatanimiz tarixi, ota-bobolarimiz haqida so‘zlab berishni niyat qildik. Ko‘pincha milliy bayramlarimiz munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida mehmondorchilik uyushtiramiz. Shoira bo‘lganim uchun Vatan haqidagi tuyg‘ularim she’r bo‘lib qog‘ozga to‘kiladi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi yaqinlar, xorijdagi barcha hamyurt tanishlarni mustaqillik bayrami bilan tabriklab, quyidagi she’rimni qutlov sifatida taqdim etaman:
Har joydan topilar go‘zal yer, shahar,
Lek hamma tuproqni o‘pib bo‘lmaydi.
Yurtim haqda mendan so‘rasalar gar,
Shunday ta’riflaydi yuragim zarbi:
Vatan, bu - oqibat, muruvvat, dalda,
Vatan, bu - xaloyiq jam bo‘lolgan uy.
Qo‘shnimiz azador bo‘lib qolganda
Tasodifan ko‘pga qoldirilgan to‘y.
Yana neni aytay vatanim haqda?
Urushda bedarak ketsa bobolar
Yoriga bir umr vafosin saqlab,
Saksongacha kutgan bizning momolar.
Vatan ta’mi bo‘lib tuyular menga,
Onam tayyorlagan zig‘ir yog‘li osh.
Erkag-u ayolning qo‘li ko‘ksida -
O‘zbekona lutf, o‘zgacha qiyos...
Men bir shoir qizi, yot elga o‘gay,
Bag‘rida o‘stirgan, uchirgan ham u.
Qancha baxtli bo‘lmay, qancha shod bo‘lmay,
Vatan - ko‘ksimdagi pinhona qayg‘u.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova yozib oldi.