Vatan haqidagi eng yaxshi qo‘shiqlar tanlovi
Madaniyat vazirligida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” qo‘shiqlar tanlovining dastlabki saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan mazkur tanlov Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda "Zo'r TV" telekanali tomonidan o‘tkazilmoqda.
Dastlab hakamlar hay’ati a’zolari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ko‘rik tanlov nizomidan o‘rin olgan me’yorlar, tanlovdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar xususida ma’lumot berdi.
Muloqot chog‘ida pul mukofotlarining taqsimlanish mezonlari, havaskor yoki professional ijodkorlar uchun imkoniyatlarning tengligi, ko‘rik-tanlovning 2-3 bosqichlarida jonli ijroning ahamiyati kabi masalalar qizg‘in muhokama etildi.
Shundan so‘ng bugungi kunga qadar tanlovga yetib kelgan 82 ta tarona hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etildi.
Tanlovning adolatli va xolisona o‘tishini ta’minlash maqsadida har bir qo‘shiq raqamlangan tartibda, ya’ni ijrochining shaxsini sir tutgan holda hay’at a’zolariga eshittirildi. Tanlov nizomidan kelib chiqqan holda qo‘shiqlarning tarqalib ketishining oldini olish choralari ko‘rildi.
Qizg‘in bahs-munozaralar chog‘ida qo‘shiqlarning kompozitsiyasi, uning matni, ijro va ovoz mahoratlari va boshqa barcha mezonlar inobatga olinishi lozimligi qayd etildi.
O‘zA