“Vagner” xususiy yollanma askarlar guruhi Malida
Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Maliga 500 nafar yollanma askarini yuborgan. Bu haqda Afrika davlatlaridan birining OAVlari xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, “Vagner” jangarilari Malining poytaxti Bamakoga bir kechada yetib kelgan. Mali rasmiylari hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan.
G‘arb davlatlari Rossiyaning Vagner yollanma askarlarining Malida joylashtirilishini keskin tanqid qildi. Belgiya, Kanada, Chexiya, Daniya, Estoniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ruminiya, Ispaniya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya vakillari qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Bayonot ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik Vagner jangarilarining Malida bo‘lishi G‘arbiy Afrikadagi vaziyatni yomonlashtiradi va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni og‘irlashtiradi. Hujjatda ta’kidlanishicha, bu qadam Malidagi tinchlik va yarashuv kelishuvini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.